Toshkentda dekan o'rinbosari tegajog'lik qilib, oynadan itarib yuborgani aytilgan qizning ahvoli to'g'risida ma'lumot berildi

0

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 3-kurs talabasiga tegajog'lik qilgan va uni oynadan itarib yuborgani aytilgan dekan o'rinbosari hibsga olingani to'g'risida xabar berilgandi. SSV matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, jabrlanuvchining salomatligi jiddiy nazoratga olingan.

Ma'lum qilinishicha, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanuvchining salomatligi jiddiy nazoratga olingan. Unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko'rsatilyapti va muolaja jarayonlari davom etmoqda.

Bemor M.K. 18 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tezkor tekshiruvlar natijasida unga katatravma, qo'shma jarohat, o'ng o'tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o'ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o'sig'ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo'yilgan.

Bemor olib kelinganida peshona sohasiga birlamchi jarrohlik ishlovi berilib, tikilgan. Shokka qarshi amaliyotlar o'tkazilib, markazning travmatologiya bo'limiga yotqizilgan. Shundan so'ng mazkur bo'limda belgilangan standartlar asosida unda qator terapiya amaliyotlari bajarilgan.

Shuningdek, har kuni jarohatiga xirurgik ishlov berilgan. Uch kun davomida dinamikada UZI qilingan. Qon tahlillari tekshirilgan. Qo'shimcha mutaxassislar jalb qilingan.

«Hozir bemorning dinamikada ahvoli qoniqarli. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali shifokorlari tomonidan muolajalar davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ma'lumotlarga ko'ra, 18 oktyabr kuni 20 yoshli M.K. Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo'yicha dekan o'rinbosari B.Y.ning xonasiga kirgan. 37 yoshli dekan o'rinbosari B.Y. qizdan kutib turishini so'ragan. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o'rinbosari uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo'lgan.

Unga qarshilik ko'rsatgan M.K. amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqira boshlagan. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlagan. U qanchalik qarshilik ko'rsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketgan.

IIV matbuot kotibining «Daryo»ga ma'lum qilishicha, 19 oktyabr kuni dekan o'rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105 (qasddan badanga o'rtacha og'ir shikast yetkazish), 118-moddasi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. 23 oktyabr kuni ekspertiza javobi chiqishi bilan dekan o'rinbosari protsessual tartibda ushlangan.

loading...