Ko'plab kasalliklar noto'g'ri ovqatlanish tufayli yuzaga kelishini yaxshi bilamiz. Masalan, jigar, o't qopi, oshqozon-ichak, qon-tomir, endokrin tizimi xastaliklari ko'pincha nosog'lom taomlanish asoratlari sifatida izohlanadi.
Ammo xuddi shu omil miya xastaliklari, xususan, aqliy zaiflikni ham keltirib chiqarishi mumkin ekan. Avstraliyalik olimlar o'z tadqiqotlari yakunida shunday xulosaga kelishdi.
Jumladan, demensiya kasalligida miya to'qimalarining nobud bo'lishi kuzatiladi. Bu atsetilxolin moddasi yetishmovchiligi tufayli yuz beradi. Oqibatda bunday bemorlarning 60 foizida Alsgeymer qayd etilib, xastalik vaqt o'tishi bilan kuchayib boraveradi.
Avstraliyalik mutaxassislar zararli oziq-ovqatlardan butunlay voz kechish ana shunday holatlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi, degan fikrda. Chunki ba'zi taomlar tarkibidagi to'yingan yog'lar va transyog'lar demensiya rivojlanishini tezlashtiradi. Yog'li sut mahsulotlari, jumladan, sariyog', shuningdek, shokolad, go'sht, palma va kokos moylari shular sirasidan.
Transyog'lar, ayniqsa, hozirgi kun iborasi bilan aytganda, “fastfud”lar, qizarib pishgan ovqatlar va gazaklar, do'konda xarid qilingan pishiriqlar, xususan, tort va pechenye tarkibida ko'p uchraydi.
Tadqiqotga ko'ra, yuqoridagi oziq-ovqatlarni iste'mol qiladigan odamlarda aqliy zaiflik va miya xasaliklariga chalinish xavfi ancha yuqori. Parhezga amal qiluvchi, ya'ni to'yinmagan yog'lar iste'molidan tiyiladigan kishilarda esa kognitiv buzilishlarning rivojlanish xavfi kamroq.
Bu faktlar ko'cha-ko'yda lavash, gamburger, xot-dog kabi tezpishar taomlarni ko'rsa, og'zining tanobi qochadigan, shirinliklarga mukkkasidan ketgan yoshlarimiz, ishdan keliboq yog'likkina, sergo'sht ovqatlarni paqqos tushiradigan yurtdoshlarimiz uchun ogohlik qo'ng'irog'i bo'lsa, ajab emas.
ssvuz