Janubiy Koreya Kim Chen In hokimiyatga kelganiga 10 yil to'lishi arafasida Shimoliy Koreyadagi vaziyatni kuzatmoqda

0

Janubiy Koreya Pxenyanda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In hokimiyat tepasiga kelganining 10 yilligi munosabati bilan yirik tadbir o'tkazilishi ehtimolini kuzatmoqda.

«Hozircha Shimoliy Koreya bunday yubiley tadbirni rejalashtirayotgani haqida e'lon qilmadi, ammo biz tegishli qadamlarni kuzatishda davom etyapmiz», — dedi Janubiy Koreyaning ikki Koreyani birlashtirish bo'yicha vazirligi vakili o'rinbosari Chxa Tok Chxol navbatdagi matbuot anjumanida.

Qayd etilishicha, Shimol Kim Chen Inning siyosiy maqomini oshirishda davom etmoqda. Masalan, oktyabr oyida Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati rasmiy uchrashuvlarda sobiq yetakchilar Kim Chen Ir va Kim Ir Senning portretlari olib tashlanganini ma'lum qilgan edi. Shuningdek, Kim Chen In rasmiylarga mamlakatda yangi mafkura – «kimcheninizm»ni targ'ib qilishga ko'rsatma bergandi. Janubiy Koreya razvedkachilari «kimcheninizm» atamasi KXDR hukumat doiralarida allaqachon faol qo'llana boshlaganini aniqlagan. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari Kim Chen Inni «buyuk yetakchi» deb atashni boshlagan – avvallari bu atama faqat KXDR rahbarining bobosi va Shimoliy Koreya davlati asoschisi Kim Ir Senga nisbatan qo'llangan.

Birlashish vazirligi vakiliga ko'ra, bularning barchasi yil boshida hukmron partiya Kim Chen Inni «bosh kotib» etib tasdiqlaganidan keyin KXDRda odamlarning unga sodiqligini namoyish qilishga qaratilgan harakatlarning bir qismiga o'xshaydi. Ayni paytda, uning ta'kidlashicha, Kim Chen In bir oy davomida omma oldida chiqish qilmagan.

«Biz Kim Chen Inning jamoat faoliyati bilan bog'liq qadamlarini kuzatishda davom etamiz», — dedi vazirlik vakili.

U Shimoliy Koreya yetakchisining faoliyati nisbatan uzoq vaqt davomida davlat matbuotida yoritilmagan bir qancha holatlar avval ham bo'lganini eslatib o'tdi.

Kim Chen Inning otasi, KXDR sobiq rahbari Kim Chen Ir 2011 yilning 17 dekabrida mamlakat bo'ylab safari chog'ida 70 yoshida vafot etgan. Uning vorisi sifatida kenja o'g'li Kim Chen In KXDR yetakchisi deb e'lon qilingan.

RIA Novosti