Xitoy rahbari Si Szinpin mamlakat asoschisi Mao Szedun kabi «yo'lboshchi» deya e'tirof etiladi

0

Xitoy rahbari Si Szinpin ham bundan buyon «Xitoy qayta tiklanish davrining yo'lboshchisi» deb ataladi. Bu haqda Xitoy Kommunistik partiyasi vakiliga tayanib, g'arb ommaviy axborot vositalari xabar qilmoqda.

Shu paytgacha faqat XXR asoschisi Mao Szedungina bunday unvonga sazovor bo'lgan — Xitoyda uni «buyuk yo'lboshchi» deb atashgan.

11 noyabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo'mitasi (XKP MQ) «tarixiy rezolyutsiya»ni qabul qilib, partiyaning o'tgan asrda, jumladan, Si Szinpin rahbarligida erishgan yutuqlarini e'tirof etdi. Hujjat XXRning amaldagi prezidenti siyosatini qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqiradi. OAV ta'kidlashicha, bu Xitoy rahbarining vakolatlarini kuchaytirishga yordam berdi.

Xabarlarga ko'ra, Xitoyda XKP yutuqlari haqidagi bunday hujjat tarixda uchinchi marta qabul qilinmoqda. Bungacha 1945 yilda Mao Szedun va 1981 yilda Den Syaopin rezolyutsiyasi ma'qullangan edi. Shunday qilib, ushbu hujjatni qabul qilish yo'lidagi qadam XXRning amaldagi prezidenti erishgan yutuqlarni yuqorida tilga olingan ikki sobiq Xitoy yetakchilariniki bilan tenglashtirishga qaratilgan.

Rezolyutsiya matnida «butun partiya, butun armiya va barcha etnik guruhlar xalqlarini partiya Markaziy Qo'mitasi atrofida yanada jipslashishga, Si Szinpin boshchiligida Xitoyga xos sotsializmning yangi davriga o'tishni to'liq amalga oshirishga» chaqiriladi.

Ommaviy axborot vositalarining ta'kidlashicha, Si Szinpin ta'limotining qabul qilinishi uning mashhurlikka erishganini anglatadi, bu unga XXR raisi sifatida uchinchi muddatga saylanish va faoliyatini 2027 yilgacha davom ettirish imkonini beradi.

Si Szinpin 2013 yilning mart oyidan buyon Xitoy Xalq Respublikasi raisi hisoblanadi.

interfax.ru