Ciz ham qizlarni ortidan yuguryapsizmi?..

0

Bir yigit otasiga:

– Go'zal bir qizni ko'rdim. Uning husnu-jamoli meni o'ziga rom etdi, ko'zlari sehrlab oldi, –debdi.

 

O'g'lining gapidan xursand bo'lgan ota:

– Qani, qaerda ekan sen aytayotgan qiz? Yur, uni senga olib beraman, – debdi va yo'lga tushibdilar…

 

Ota qizni ko'rgach unga mahliyo bo'libdi va o'g'liga:

– Quloq sol, o'g'lim, bu qiz sening tenging emas, unga loyiq emassan. Bu qiz hayotda tajribasi bor va unga tayanib ish tutadigan mendek insonga munosib! – debdi.

 

Otasining gaplaridan hayron qolgan o'g'il:

– Yo'q, ota, bu qizga men uylanaman va siz to'sqinlik qilolmaysiz! – debdi.

 

Ota-o'g'il bu muammoni hal qilish uchun navbatchi zobit oldiga yo'l oldilar va u yerdagi zobitga bor gapni aytib berdilar.

 

Ularni tinglagach zobit:

– Qizni olib kelinglar o'zidan so'raymiz qay biringizni tanlar ekan, – dedi.

 

Qiz kelgach zobitning ko'zlari qamashdi, es-hushini yo'qotdi va husniga maftun bo'ldi. Ota-o'g'ilga:

– Yo'q, bu qiz siz ikkingizga to'g'ri kelmaydi. Shaharda eng kelishgan, men kabi xushsurat insonga munosib! – dedi.

 

Endi uchovlari talashib-tortishib vazir huzuriga bordilar.

 

Qizni ko'rgan vazir:

– Bu qiz mendek vazirga turmushga chiqishga loyiq! – debdi.

 

Shu bilan to'rttovlon bahslashib ketibdilar. Axiri shahar hokimiga boribdilar. Hokim:

– Men sizlarning muammoingizni hal qilib beraman. Qizni chaqiring! – debdi.

 

Hokim qizni ko'rib:

– Sizlar unga to'g'ri kelmaysizlar. Bu go'zalga mendek hokim munosib! – debdi.

 

Oxir-oqibat hammalari janjallashib, tortishib ketibdilar.

Shunda qiz:

– Bu masalaning yechimini bilaman! Men yuguraman, sizlar esa mening ortimdan quvlaysizlar. Kim meni birinchi ushlab olsa, men o'shanikiman, – debdi va qochishni boshlabdi. Qolganlar: yigit, otasi, zobit, vazir, hokim esa uni quvlay ketibdilar. Qizning ortidan yugurib borar ekanlar, to'satdan tubsiz chuqurlikka tushib ketibdilar.

 

Yuqoridan qiz ularga qarab:

– Meni tanidinglarmi?! Men DUNYoman! Hamma odamlar mening ortimdan yuguradilar… Meni qozonish uchun musobaqalashadilar… Meni qo'lga kiritaman deb, dinlariga e'tiborsizlik qiladilar… Natijada menga yetay-etay deganlarida qabrga qulaydilar… Men esa, qochaveraman-qochaveraman!… – debdi.

 

 

loading...