Zirabuloq—Ziyovuddin temir yo'l bekatlari oralig'ida to'xtagan yuk poezdidan ko'mirlarni talon-toroj qilishga uringan shaxslar qo'lga olindi. Bu haqda IIV Transport va turizm ob'yektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 11 noyabr kuni Samarqand viloyat IIB Transportda XTBga Zirabuloq—Ziyovuddin temir yo'l bekatlari oralig'ida yuk poezdi to'xtagani to'g'risida ma'lum qilingan.
Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida 10 noyabr kuni soat 21:21 da ushbu temir yo'l bekatlari oralig'ida Maroqand—Tinchlik yo'nalishida harakatlanayotgan vagonlarda orasida ko'mir mahsulotlari ortilgan yuk poezdi 3810-kilometrida qarama-qarshi yo'nalishda kelayotgan yuk poezdini o'tkazib yuborish uchun to'xtagani ma'lum bo'lgan.
Poezd to'xtagan vaqtda Samarqand viloyati Narpay tuman «Do'stlik» mahallasida yashovchi fuqarolar E.M. (1980 yilda tug'ilgan) va M.Z. (1982 yilda tug'ilgan) yarim ochiq vagondan 755 kilogramm ko'mir mahsulotlarini talon-toroj qilgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg'onada ombor mudiri aholi va davlat tashkilotlariga tarqatilishi kerak bo'lgan 852 ming tonna ko'mirni sotib yuborgani aniqlangani to'g'risida xabar berilgandi.