Apple Isroil kompaniyasini sudga berdi

0

NSO Group hukumat tomonidan homiylik qilinadigan murakkab kuzatuv texnologiyasini yaratgani ta'kidlangan
Foto: Financial Times
Apple Isroilning NSO Group kompaniyasiga qarshi sudga murojaat qilib, uni turli davlatlar rasmiylari tomonidan kuzatuv uchun buyurtma qilingan dasturiy ta'minotni ishlab chiqishda ayblab, javobgarlikka tortishni talab qildi.

«NSO Group hukumat tomonidan homiylik qilinadigan murakkab kuzatuv texnologiyasini yaratdi. Tadqiqotchilar va jurnalistlar ushbu josuslik dasturining jurnalistlar, faollar, dissidentlar, akademiklar hamda hukumat amaldorlariga hujum qilishda foydalanilganini ochiq hujjatlashtirdi», deyiladi kompaniya xabarida.
Apple NSO Group dasturiga iPhone egalarining mikrofoni, kamerasi va shaxsiy ma'lumotlariga kirish imkonini beruvchi kamchiliklarni bartaraf etganini va endi kompaniyadan Apple mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanishni doimiy ravishda taqiqlashni talab qilishini ta'kidladi.

«Da'vo, shuningdek, NSO Group kompaniyasining Apple va uning foydalanuvchilariga hujumlarida federal va shtat qonunlarini qo'pol ravishda buzgani uchun tovon undirishni talab qiladi», deyiladi bayonotda.
NSO Group dasturiy ta'minoti odamlarga josuslik qilishda qo'llangani Fransiyaning «Taqiqlangan hikoyalar» nodavlat tashkiloti Amnesty International inson huquqlari tashkiloti va 17 jurnalistik tashkilot bilan hamkorlikda o'tkazgan tekshiruvidan ma'lum bo'ldi.

Qayd etilishicha, 10 dan ortiq davlat rasmiylari kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan Pegasus dasturidan butun dunyo bo'ylab jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari, huquq himoyachilari, tadbirkorlar va amaldorlarning telefonlarini buzish uchun foydalangan.

Avvalroq Apple rul va pedallarsiz elektromobil ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi.