47 nafar yurtdoshimiz ishlash uchun Koreya Respublikasiga jo'nab ketdi

0

O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Koreya Respublikasi Mehnat vazirliklari o'rtasida Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida O'zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreya hududida ishga joylashtirish bo'yicha Hamkorlik memorandumi doirasida yurtdoshlarimiz ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Ammo 2020 yilning mart oyida butun dunyoda Kovid-19 pandemiyasi boshlanishi oqibatida joriy etilgan qator cheklovlar sababli ishchi kuchi jo'natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O'zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga ishga jo'natish jarayoni to'xtatilgan edi.

Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi rasmiy bayonotiga ko'ra, joriy yilning noyabr oyi oxirida ishchi kuchi jo'natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O'zbekistondan Ye-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklanishi rejalashtirilgan.

Koreya Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida shartnoma asosida Koreya Respublikasiga borib, mehnat faoliyatini (bir korxonada 4 yil 10 oy ishlab) muvaffaqiyatli tugatgach, shartnoma bilan kelgan fuqarolarni ishga yuborish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Bugun ana shunday fuqarolarning dastlabki guruhi, ya'ni 47 nafari Koreya tomonining talabiga asosan, karantin qoidalariga to'liq rioya qilgan holda Toshkent xalqaro aeroporti orqali Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo'nab ketdi.

Yurtdoshlarimiz Koreya Respublikasiga yetib borgach 10 kunlik karantinda bo'ladi va shundan keyin ish boshlaydi.

 

loading...