Bog'chadan erkak kishining jasadi topildi

0

Maktabgacha ta'lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Farg'onadagi bog'chada bir fuqaroning jasadi topilgani to'g'risida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, 20 noyabr kuni soat 07:00 larda viloyatning Qo'shtepa tumanidagi «Qo'rg'oncha» mahallasi Paxtaobod ko'chasida joylashgan 27-maktabgacha ta'lim tashkiloti binosida bir nafar fuqaroning jasadi topilgan.

Mazkur holat Farg'ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi rahbariyati tomonidan to'liq nazoratga olingan.

Shuningdek, Qo'shtepa tumani hokimining qarori bilan mazkur baxtsiz hodisa sabablari maxsus ishchi guruh tomonidan o'rganilmoqda, o'rganish xulosalari tayyor bo'lsa bu haqda qo'shimcha ma'lumot berilishi aytilgan.

«Shu o'rinda, barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlardan vafot etgan shaxs hamda uning qanday lavozimda faoliyat olib borgani haqidagi taxminiy, tasdiqlanmagan ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmasliklarini so'raymiz», — deyiladi munosabatda.

Ma'lumot uchun, ushbu shaxs 27-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida mavsumiy o't yoquvchi vazifasida faoliyat yuritgan. Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko'ra, is gazidan zaharlangan deb birlamchi xulosa berilgan.

Avvalroq Nukusda ijarada yashovchi 18 yoshli talaba yigit is gazidan zaharlanib, vafot etgani, Samarqandda konteynerdan o'lik holda topilgan ikki ishchi ham is gazidan zaharlanib, vafot etgani ma'lum qilingandi.