Buxoroda qo'shni ayolni o'roq bilan jarohatlab o'ldirgan shaxs qo'lga olindi

0

Buxoro viloyati, G'ijduvon tumanidagi «Gajdumak» MFYda yashovchi 70 yoshli M.A. 55 yoshli qo'shni ayol J.M.ni o'tkir tig'li o'roq bilan jarohatlab, uning qotiliga aylandi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, 2021 yilning 24 noyabr kuni «Gajdumak» mahallasida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Fuqaro M.A. soat taxminan 08:30 larda daraxtlarni butalashga chiqqan. Shu vaqtda qo'shni ayol J.M. u butalayotgan daraxt o'ziga tegishli ekanini bildirgan va daraxt tanalarini noo'rin kesaganiga e'tiroz bildirgan. Ikki qo'shni o'rtasida o'zaro janjal boshlangan. M.A. esa jahl ustida qo'lidagi ish quroli – o'tkir tig'li o'roq bilan J.M.ning chap ko'krak sohasiga bir marotaba qasddan qattiq jarohat yetkazgan. Oqibatda ayol olgan tan jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan.

«Ikki qo'shni o'rtasida avvaldan o'zaro kelishmovchilik bo'lib kelgan. Turli janjallar sodir bo'lib turgan. Har ikki oila ham 2014 yildan buyon mahalla fuqarolar yig'inidagi notinch oilalar ro'yxatida turadi. Mahalla-ko'y, ichki ishlar xodimlari tomonidan doimiy yarashtirishga urinib kelingan.

J.M. ikki nafar farzandning onasi. Mahalladoshlarining bildirishicha, M.A.lar xonadoni bilan uzoq yillik o'zaro kelishmovchilik J.M.ning tinkasini quritgan va yaqindagina yaxshi niyatlar bilan shu yerdan ko'chib ketish uchun ko'p qavatli uy xarid qilgan ham ekan. Afsuski, qo'shnining spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda ayolni yashash hovlisi oldida qo'lidagi o'roq bilan urib o'ldirgani haqidagi xabar hammamizni esankiratdi», — deydi Buxoro viloyat Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash tuman bo'limi raisi Istat Kamolova.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko'ra, o'tkir sanchib kiruvchi jism zarbasi tufayli marhuma J.M.ning chap yelka yuqori orqa yuzasidan chap ko'krak qafasigacha, shuningdek, chap o'pka va yurak chap bo'lmasiga jarohatlangan. Ichki va tashqi qon ketishi oqibatida vafot etgan.

Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan. G'ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o'ldirish), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchi 221-modda (jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo'ysunmaslik) tartibida ushlangan.

«Mazkur jinoyatni keng jamoatchilik oldida muhokama qilish uchun barcha huquq tartibot idoralari vakillari mahallada bo'lishdi va uning kelib chiqish sabablari o'rganildi. Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlandi. Jinoyat ishi yuzasidan tergov yakuni bo'yicha batafsil ma'lumotlar beriladi», – dedi Shuhrat Jalolov.

loading...