Samarqandda inspektor avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga pora bermoqchi bo'lgan haydovchini «ushlab» berdi

0

2021 yil 25 noyabr kuni Samarqand shahri Bo'stonsaroy ko'chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori «Lasetti» avtomashinani hujjatlarini tekshirish maqsadida to'xtatgan vaqtida, haydovchi mashinani hujjatlarsiz boshqarib yurganligi aniqlanib, unga nisabatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Shundan so'ng, haydovchi avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga inspektorga 100 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan. Xodim unga pora berish jinoyat ekanligini bir necha marotaba tushuntirsada, haydovchi kechroq kelishini aytib ketgan.

Holat yuzasidan inspektor bildirgi bilan murojaat qilgan.

Mazkur bildirgiga asosan IIV ShXBB Samarqand viloyati bo'yicha boshqarmasi bo'limi va Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o'tkazilib, fuqaro 100 AQSh dollari miqdordagi pullarni YPX inspektoriga bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.