«1xbet” qimor o'yinida yutqazgach, pul uchun qo'shnisining homilador kelinini o'ldirgan erkakka hukm o'qildi

0

Avvalroq, Farg'ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi 29 yoshli Ulug'bek Nizomov internetdagi «1xbet” qimor o'yinlarida katta miqdordagi pulni yutqazib, uni to'lash maqsadida qo'shnisining homilador kelinini pichoqlab o'ldirgani haqida xabar berilgan edi. Jinoyat ishlari bo'yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan qotillikka qo'l urgan shaxsga sud hukmi bilan 20 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchi bu yigit o'tgan yilning yoz oylaridan boshlab internet orqali muntazam qimor va tavakkalchilikka asoslangan o'yinlar o'ynab kelgan. Buning natijasida 100 million so'mdan ortiq pul yutqazib, ko'p miqdorda qarzdor bo'lib qolgan.

2021 yilning 22 iyun kuni u qarzlarini to'lash uchun qo'shnisi O.Q.dan 2 ming dollar qarz olgan. Qo'shnisining yaxshilik qilib pul bergani Ulug'bekning halovatini buzdi. Qo'shnimning uyida ko'p miqdorda pul bo'lishi mumkin degan taxmin uni tinch qo'ymadi. U 23 iyun kuni soat 10:00 larda qo'shnisinikida hech kim yo'qligidan foydalanib o'g'rilikka tushadi. Xonadondagi mol-mulklarni yashirincha qo'lga kiritmoqchi bo'lgan vaqtida qo'shnisining homilador kelini kelib qoladi. U. Nizomov qilmishi oshkor bo'lishidan qo'rqib qo'shni kelinga pichoq bilan hujum qilgan, tanasining turli sohalariga tan jarohatlari yetkazgan hamda hodisa joyidan yashiringan. Ayol ko'rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, olgan tan jarohatlari natijasida shifoxonaning jonlantirish bo'limida vafot etgan.

2021 yil 23 iyun kuni mazkur holat yuzasidan Yozyovon tuman prokuraturasi tomonidan U.Nizomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b», «i» bandlari (homiladorligi aybdorga ayon bo'lgan ayolni tamagirlik niyatida qasddan odam o'ldirish), 164-moddasi 3-qismi «v», «g» bandlari (uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g'ayriqonuniy ravishda kirgan holda badanga og'ir shikast yetkazib, bosqinchilik qilish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Jinoyat ishlari bo'yicha Yozyovon tuman sudining hukmi bilan U.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b», «i» bandlari, 164-moddasi 3-qismi «v», «g» bandlari bilan aybli deb topilib, unga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

–O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi bo'lib, unga tajovuz qilish eng og'ir jinoyatdir, – deydi Jinoyat ishlari bo'yicha Yozyovon tuman sudi raisi Rahmatjon Arabov. – Mazkur jinoyat ishini muhokama qilish davomida aniqlanishicha, U.Nizomov qimor va tavakkalchilikka asoslangan o'yinlarni o'ynashga mukkasidan ketgani holda internet tarmoqlaridan foydalanib, turli sport o'yinlari va boshqalarga pul tikib, ko'p miqdordagi pullarni yutqazib, qarzlaridan qutilish maqsadida o'ta og'ir jinoyatga qo'l urgan.

Amaldagi qonunchilikka ko'ra, O'zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o'yinlarda ishtirok etish taqiqlangan bo'lsada, uning bir yildan ortiq vaqt davomida ana shunday o'yinlarda ishtirok etib kelayotgani, ko'p miqdorda qarzdor bo'lib qolganidan mahalla fuqarolar yig'inining ham, hudud profilaktika inspektorining ham xabari bo'lmagan. Mazkur salbiy holatlarning bartaraf etilishi va mas'uliyatni yanada oshirish maqsadida sud tomonidan xususiy ajrim chiqarilib, «Yuqori» hamda «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig'inlariga keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar ko'rish uchun yuborildi.

loading...