(Ibratli hikoya)
Bir birodarimiz shunday hikoya qiladi: “Yigirma ikki yil oldin (taxminan, 1995-1996-yillar nazarda tutilmoqda) maoshga zo'r-bazo'r kun kechirib yurardim. Bolalarim yosh, shuning uchun ancha qanoatli edi. Ayolim to'q oilada o'sgan bo'lsa-da, Allohga shukr, unga ham qanoat berdi. Topgan-tutganimni to'tiyo bilib, bola-chaqa bilan xursandchilikda baham ko'rar, topmasam, quruq non-suv bilan kifoyalanar, “Uyimiz bugun anbiyolar uyiga o'xshadi”, degan so'zlar bilan payg'ambarlarga yaqinlik tuyib taskin topardik…
Bir kuni yuz bergan voqea hech yodimdan chiqmaydi. Kechqurun ishdan qaytyapman. Cho'ntagimda bor-yo'g'i ikkita uch so'mlik bor. O'sha paytda oliy navli undan qilingan non yetti so'm, birinchi navligi olti so'm edi. Ammo olti so'mlik non kechga qolmay tugardi. “Agar arzon non tugagan bo'lsa, bugun nonsiz qolamiz, ey Xudo, rizqimiz Sening bo'yningda”, deb yolvoraman ichimda. Bir so'm-yarim so'm biron cho'ntagimning burchagida qolib ketmaganmikan, deb yon-verimni paypaslayman…
Yo'q, xayriyat tugamagan ekan, o'sha kungi rizqimizga bitta non yozilgan ekan, tillo topgan boladay, xursandchilik ila oldim…
Xullas, shunday kunlarning birida bir hadis o'qib qoldim.
Unda Nabiy sollallohu alayhi va sallam har kecha Voqea surasini o'qigan kishi rizqi keng bo'lishini aytgan ekanlar. O'sha zahoti turib, uni tilovat qildim. Shundan keyin har kecha Voqea surasini o'qishga odatlandim.
Dunyoda Allohning Rasulidan-da rostgo'yroq kim bor?!
Bir-ikki kun o'tib, qo'shimcha ish topdim. Xotinim ham uyda pishiriqlar tayyorlay boshladi, kimdir ko'rpachasini qavishga olib chiqdi. Tez orada turmushimiz ancha yaxshilanib qoldi… Voqea surasini hamon o'qiyman…
«Rizq kalitlari Najot keltiruvchi duolar» kitobidan