Endi inson omili yo'q!

0

Imtihonlarni topshirishi jarayonidagi korrupsion holatlarga chek qo'yilishi ko'zda tutilgan.

O'zbekistonda avtomaktablardagi nazariy va amaliy imtihonlarni avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali o'tkazish amaliyoti joriy etilmoqda. Bu haqda Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 7 dekabrda «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori qabul qilingan. Uning ijrosi doirasida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o'tkazish huquqiga ega bo'lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tashkil qilingan xususiy imtihon markazlari o'z faoliyatini boshlamoqda.

Qayd etilishicha, markazlarda imtihonlar to'liq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonida e'tirozlarga sabab bo'layotgan korrupsion holatlarga chek qo'yadi.

Shuni inobatga olib, barcha avtomaktablar ma'muriyatidan o'z o'quvchilariga yo'l harakati qoidalarini puxta o'rgatib, haydovchilik huquqini olish masalasiga mas'uliyat bilan jiddiy e'tibor qaratishi so'ralgan.

Avvalroq O'zbekistonda eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 1 yilga uzaytirilgani xabar qilingandi. Shuningdek, O'zbekistonda yo'l qoidasini buzganlik uchun ayrim jarimalar miqdori kamaytirilishi haqida xabar berildi.

loading...