Nur-Sultonda Alisher Navoiy haykali o'rnatiladi

0

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi, deya xabar bermoqda Prezident Matbuot xizmati.


Ma'lum qilinishicha, Davlat rahbarlari O'zbekiston va Qozog'iston strategik sherikligi va ko'p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o'zaro tovar ayirboshlashni ko'paytirish, qo'shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo'jaligi sohalaridagi qo'shma sa'y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko'rib chiqildi.

Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimiz O'zbekiston xalqlarimiz o'rtasidagi samimiy birodarlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta'kidladi.

– Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko'taryapmiz. Ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va keng ko'lamli sheriklikni yanada mustahkamlash yo'lidagi intilishimiz qat'iy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz, Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning ko'p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta'lim, fan, sog'liqni saqlash, madaniyat va san'at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Jumladan, Qozog'iston Prezidenti xalqlarimizning ma'naviy yaqinligi va ko'p asrlik do'stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o'rnatilishini ta'kidladi.