Qozog'istonda “O'zbek kino kunlari” bo'lib o'tadi

0

Kinematografiya agentligi Qozog'istonda «O'zbek kino kunlari»ni taqdim etadi.

6-8 dekabr kunlari Qozog'istonda “O'zbek kino kunlari” bo'lib o'tadi. Unda taniqli kinoijodkorlardan iborat o'zbek delegatsiyasi ham ishtirok etadi (https://telegra.ph/Ozbek-kino-kunlari-12-06). Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan o'zbek filmlari Qozog'iston milliy telekanallarida namoyish etiladi. O'zbek telekanallarida esa qozoq milliy filmlarining namoyishlari bo'lib o'tadi. E'tiborlisi bunday loyiha ilk bora o'tkazilmoqda.

Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog'istonga tashrifi chog'ida madaniy hamkorlik aloqalarini yanada tiklash maqsadida tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimi 6 dekabr 17:00da Quanishbayeva nomidagi qozoq davlat akademik musiqa drama teatrida bo'lib o'tadi.

Tadbirning birinchi kunida Kinematografiya agentligi hamda «Vatan» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Hilol Nasimovning “Meros” hamda qolgan kunlari Jahongir Qosimovning «Kinomaniya» studiyasi tomonidan suratga olingan “Ibrat”, Rashid Malikovning «Tutqunlik» filmlarining maxsus namoyishlari bo'lib o'tadi. O'zbek delegatsiyasining Qozog'istonga tashrifi davomida Qozog'iston axborot va aloqa vaziri o'rtasida uchrashuv o'tkaziladi.

O'zbek delegatsiyasida Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida rejissyor Hilol Nasimov, aktyorlar Karim Mirhodiyev, Fotih Nasimov, aktrisalar Gavhar Zokirova, Aysanem Yusupova, estrada xonandasi Rayhon G'aniyeva va boshqalar ishtirok etishadi.

Shuningdek, Quanishbayeva nomidagi milliy akademik drama teatrida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishlari o'tkaziladi.

Eslatib o'tamiz joriy yilda o'zbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda «Meros» badiiy filmi va «Abay so'zi» hujjatli kartinalarini suratga olishgan edi. «O'zbek kinosi kunlari» doirasida hamkorlikdagi yangi filmlar “Qo'shnilar” (“Sosedi”) hamda “Eshelonlar Sharqqa ketadi” («Eshelonы idut na Vostok») kinoloyihalarining muhokamasi bo'lib o'tadi.

Alohida qayd etish kerakki, 6 dekabr kuni soat 10:00da Qozog'istonning Xabar telekanali «Ilxaq» filmini namoyish qilsa, «El Arna» telekanali 12:00da «Alisher Navoiy» filmini efirga uzatadi. Shuningdek, «Ilxaq» ham ushbu telekanalda 7 dekabr 12:00da namoyish etiladi. O'zbek telekanallarida esa «Nebo moego detstva», «Orexovoe detstvo», «Kanikulы offlayn», «Jau jurek mыn bala» kabi qozoq milliy filmlarining namoyishlari bo'lib o'tadi.