Hokimlik fermerning yerini noqonuniy olib qo'ygani aniqlandi

0

Biznes-ombudsmanning sudga kiritgan da'vo arizasi bilan fermerga 42 mln so'm kompensatsiya to'lanishi belgilandi.
Foto: O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi matbuot xizmati
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida fermer xo'jaligiga tegishli yer maydonining ijara shartnomasi hokimlik tarafidan noqonuniy ravishda bekor qilingan. Bu haqda Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilning matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, biznes-ombudsman Xovos tumani hokimligiga nisbatan kiritilgan da'vo bo'yicha sudda yutib chiqqan. Da'vo arizasi fermer xo'jaligi yer uchastkasining noqonuniy olib qo'yilishi natijasida yetkazilgan zararni undirish maqsadida kiritilgan.

Aniqlanishicha, tuman hokimining 2016 yildagi qaroriga asosan fermer xo'jaligiga 5,2 gektar yer maydoni uzoq muddatli ijaraga berilgan. Biroq, keyinchalik ijara shartnomasi hokimlik tomonidan noqonuniy ravishda bir tomonlama bekor qilingan.

Ta'kidlanishicha, fermer xo'jaligi bog'dorchilik faoliyatiga ixtisoslashgan bo'lib, ijara shartnomasining noqonuniy ravishda bekor qilinishi natijasida yer maydonida mavjud bo'lgan 300 tup o'rik va 133 tup yong'oq daraxtlari yaroqsiz holatga kelgan.

Biznes-ombudsmanning Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da'vo arizasi natijasida Xovos tumani hokimligining hisobidan fermer xo'jaligining foydasiga qariyb 42 million so'mlik mablag'larni yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida undirilishi belgilangan.

Avvalroq Qashqadaryoda «Obnal ishi» bo'yicha bo'lib o'tgan sudda tadbirkor yutib chiqqani xabar qilingandi. Shuningdek, Biznes-ombudsman BMT va YeTTB bilan korrupsiyaga qarshi hamkorlik qilishi haqida xabar berildi.

loading...