AQSh O'zbekistonga yana 300 ming doza Pfizer vaksinasini yubordi

0

6 dekabr kuni O'zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashish uchun Pfizer vaksinasining 301 860 dozasi keltirildi, deb xabar qildi AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ushbu hadya AQSh hukumatining koronavirus bilan bog'liq global COVAX tashabbusi orqali dunyo bo'ylab beg'araz tarqatayotgan xavfsiz va samarali 1,1 milliard doza vaksinaning bir qismi hisoblanadi.

Mazkur jo'natma bilan O'zbekistonga 2021 yil iyul oyidan beri yetkazib berilgan AQSh vaksinalari soni 5,3 mln dozadan oshdi. Shuningdek, qisman AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilgan COVAX dasturi doirasida O'zbekistonga shu kunga qadar 2,4 mln doza AstraZeneca vaksinasi yetkazib berildi.

Bundan tashqari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) yaqinda O'zbekistonga COVID-19 bilan qurashish uchun 2,5 mln dollar ajratdi. Ushbu yordam bilan O'zbekistonning COVID-19ga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga AQSh hukumatining to'g'ridan-to'g'ri qo'shgan umumiy hissasi 16 mln dollardan oshdi.