G'or qissasi

0

Qissamiz bir g'ayri tabiiy g'ordan boshlanadi. Bu yerda bolalikdan buyon quyosh yuzini ko'rmagan bir necha kishi yashardi. Ular g'or devoriga qarama-qarshi holda zanjirband etib qo'yilgan va zanjirlar ularni ana shu devordan boshqa tomonga qarashga yo'l qo'ymasdi. G'ordagi yagona yorug'lik esa mahkumlarning orqa tomonida yonib turuvchi gulxandan tushib turardi. Gulxan va mahkumlar orasida bir yo'lak bo'lib, u yo'lakdan odamlar har xil buyumlar olib o'tishar va bu buyumlarning soyasi mahbuslar qarshisidagi devorga tushardi. Ammo bolalikdan g'orga zanjirlangan ushbu mahbuslar devordagi shakllarni soya deb emas, balki buyumlarning asl ko'rinishi deb bilardi. Mahbuslar devordagi shakllar haqida uzundan-uzun bahslar yuritishar va ularning tabiati haqida har xil taxmin va mulohazalar bildirishardi.

Ana shunday kunlarning birida mahbuslardan biri tasodifan ozod etilib, beixtiyor g'ordan tashqariga qarab yo'l oladi. Mahbus g'ordan chiqar ekan, charaqlab turgan quyosh uning ko'zlarini ojiz qilayozdi. Ammo bir oz vaqt o'tgach, ko'zlari asta-sekin yorug'likka mostlashib, tevarak-atrofga nazar sola boshlaydi. Ayni paytda u umrida birinchi marotaba jonzotlar va o'simliklarning soyasini emas, asl shaklini ko'rayotgan edi. Gullarning jozibasi, qushlarning rangi va daraxtlarning ko'rkamligi uni hayratga soladi. Ilgari soyalarni mavjudot deb bilgan mahbus endi asl tabiat qanday ekanligini his etishga muvaffaq bo'lgandi.

Haqiqiy dunyoni “kashf” etgan mahbus g'orga qaytib, devordagi shakllar shunchaki soya ekanligini va real hayot g'ordan tashqarida ekanligini boshqa mahbuslarga aytishga oshiqadi. Ammo g'orga qaytarkan, u yerdagi qorong'ulik tufayli yerdagi toshlarga qoqildi. Uning yorug'likka ko'nikkan ko'zlari endi g'orning zulmatiga moslasha olmasdi. Bunga guvoh bo'lgan g'ordagi boshqa mahbuslar uning ustidan kula boshlashdi. Yorug'likda bo'lgan mahbus u yerdagi hayvon, o'simliklar, va ulkan yorug'lik manbai haqida to'lib-toshib gapirar va g'or devorida ko'rinuvchilarni haqiqiy narsalarning soyasi ekanligini ularga tushuntirishga urinardi. Ammo mahbuslar uni tushunmadi – ularning firkricha, u g'ordan tashqariga chiqib, aqldan ozib qolgandi. Boshida uning gaplari ahmoqona tuyulgan bo'lsa, endi ularning jahlini chiqara boshladi. Va, nihoyat, u mahbuslarni ozod etib, g'ordan tashqariga chiqarishga uringanida, mahbuslar uning joniga qasd qiladi.

 Aflotun “Respublika” asaridan