Somon yo'lida yetim sayyoralarning eng katta guruhi topildi

0

Xalqaro astronomlar jamoasi Somon yo'li galaktikamizda kamida 70 ta yangi yetim sayyoralarni topdi. Bu haqda Yevropa janubiy observatoriyasi (ESO) saytida xabar berilgan.

Astronomlar yulduzlar gavjum maydondagi Aqrab va Ilon eltuvchi yulduz turkumlarida joylashgan kamida 70 ta yetim sayyorani topdi. Ularning massasini Yupiter massasiga qiyoslash mumkin. Olimlarning aniqlashicha, sayyoralar Yerdan 420 yorug'lik yili uzoqlikda joylashgan bo'lib, ularning soni hozirgacha topilgan eng katta raqamdir.

Yetim sayyoralarni topish uchun jamoa yerdagi va koinotdagi bir nechta teleskoplarning 20 yillik ma'lumotlaridan foydalangan.

«Biz osmonning katta maydonida o'n millionlab manbalarning mitti harakatlari, ranglari va yorug'ligini o'lchab chiqdik. Mazkur o'lchovlar bizga ushbu mintaqadagi eng zaif jismlar — yetim sayyoralarni ishonchli aniqlash imkonini berdi», — deb tushuntirdi Fransiyaning Bordo astrofizika laboratoriyasida va Avstriyaning Vena universitetida ishlaydigan astronom Nuria Miret-Roig.

Yangi kashf etilgan yetim sayyoralarni o'rganish orqali astronomlar bu sirli ob'yektlar qanday paydo bo'lganiga oid yechimlarni topishi mumkin. Ayrim olimlarning taxminicha, ular yulduzni shakllantirish uchun juda kichiklik qilgan gaz bulutining portlashi natijasida hosil bo'lgan bo'lishi mumkin yoki ehtimol, o'zlarining ota-ona tizimidan ajralib qolgan. Biroq bularning qay biri haqiqatga yaqin ekani noma'lumligicha qolmoqda.