Qozog'istonda parlamentdan ketgan deputat ko'pxotinli ekanini tan oldi

0

Qozog'iston parlamentining quyi palatasi Markaziy saylov komissiyasining taqdimnomasiga binoan deputat Bekbolat Tleuxanning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Tleuxan o'z xohishiga ko'ra vakolatini tugatishlari bo'yicha ariza yozgan, deb xabar beradi «Interfaks». Parlamentdagi norasmiy suhbat davomida u jurnalistlarga ko'p xotinli nikohda ekanini aytgan.

«Men ko'pxotinliman, ko'pxotinli nikohdaman va buni hech qachon yashirmaganman», — degan Tleuxan.

Jurnalistlar deputatdan o'zi a'zo bo'lgan «Nur Otan» partiyasi bunga qanday qarashini so'raganida u muloqotni to'xtatib, liftga chiqishga qaror qilgan. Qozog'istonda ko'pxotinlik qonun bilan taqiqlanganini aytgan jurnalistni esa Tleuxan liftdan itarib chiqarishni boshlagan.

Bekbolat Tleuxan 55 yoshda. U 2004 yildan buyon parlament quyi palatasiga III, IV, VI va VII chaqiriqlarda saylangan.

29 dekabr kuni Qozog'iston Markaziy saylov komissiyasi uning deputatlik vakolatlarini tugatish bo'yicha qaror chiqardi. Keyinroq u Butunjahon etnosport konfederatsiyasi birinchi vitse-prezidentligiga o'tayotgani ma'lum bo'ldi.

Qozog'istonda ko'pxotinlik 1998 yilda jinoiy javobgarliklar ro'yxatidan chiqarilgan.

Avvalroq Qirg'izistonda to'y videosidan keyin ko'pxotinlilikda gumonlangan erkakka nisbatan jinoyat ishi to'xtatilgani, Moskva muftiysi Rossiyada ko'pxotinlilikni qonuniylashtirishni taklif qilgani to'g'risida xabar berilgandi.

interfax.ru