Toshkent shahrining 12 ta tumanida maxsus COVID poliklinikalari faoliyat boshladi

0

Qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish maqsadida kunlik ko'rsatkichlar sezilarli darajada oshib borayotgan Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus poliklinikalar faoliyati yo'lga qo'yildi.

Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko'rsatish yo'nalishi yaqin bo'lgan 4 ta dispanser hamda 8 ta oilaviy poliklinika binosida ish boshlagan mazkur muassasalar aholiga har kuni 24 soat davomida xizmat ko'rsatadi. Har bir muassasaga shifokorlar bilan bir qatorda, tibbiyot oliy o'quv yurtlarining yetakchi mutaxassislari ham jalb qilingan.

Bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, PZR-test, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ta'minlangan.

Murojaat qilgan bemorlar og'irlik darajasiga ko'ra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiya va koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo'lgan «COVID-box»lar beriladi. Bemorning ahvoli og'ir bo'lsa, zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi.

Koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida poytaxtdagi 12 ta ko'p tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yo'lga qo'yildi.