O'zbekistonda xususiy shifoxonalarga qator soliq imtiyozlari joriy qilindi

0

O'zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalariga qator soliq imtiyozlari joriy qilindi, deb xabar bermoqda Sog'liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 29 dekabrda «O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun qabul qilingan. Unga ko'ra, tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizatsiya qilish bo'yicha aylanma soliq solishdan ozod etilgan.

Tibbiy xizmatlar jumlasiga tibbiy yordam va sanitariya xizmati ko'rsatishga doir tashxis qo'yish, profilaktika va davolash bo'yicha xizmatlar, stomatologik, shu jumladan, tishlarni protezlash bo'yicha xizmatlar kirishi belgilangan. Sanatoriy-kurort, sog'lomlashtirish xizmatlarini, jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish aylanma soliq solishdan ozod etilgan.

Sanatoriy-kurort va sog'lomlashtirish xizmatlari jumlasiga

-sanatoriylar;

-shifoxonalar;

-profilaktoriylar;

-kurortlar;

-pansionatlar;

-dam olish uylari va zonalari;

-bolalar dam olish oromgohlari kirishi belgilangan.

Tegishli litsenziya asosida tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar bo'yicha, xususan:

-tibbiy yordam xizmatlari va sanitariya xizmatlari ko'rsatish;

-tashxis qo'yish;

-profilaktika va davolash xizmatlari;

-stomatologik xizmatlar;

-tish protezlarini o'rnatish xizmatlari bo'yicha (bundan kosmetologiya xizmatlari mustasno) foyda solig'iga 0 foiz stavka qo'llanilishi belgilangan.

Shuningdek, sog'liqni saqlash ob'yektlari egallagan yerlar (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort ob'yektlari band qilgan yerlar mustasno) soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiradi.

daryo.uz