Ikki o'smir baxtsiz hodisa qurboni bo'ldi

0

16 yanvar soat 03:00 lar atrofida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ikki nafar o'smir baxtsiz hodisa qurboni bo'ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

 

Xabarga ko'ra, haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lmagan Yo.R. (2005 yilda tug'ilgan) «Spark» avtoulovini ishonch qog'ozisiz boshqarib ketayotganida Shohimardon ko'chasida rul boshqaruvini yo'qotib, mashina yo'l chetidagi temir panjaraga borib urilgan.

 

«Spark» haydovchisi Yo.R. hamda shu mashina yo'lovchisi A.E. (2008 yilda tug'ilgan) olingan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida olamdan o'tgan.

 

Yo'l-transport hodisasiga «Spark» katta tezlikda ketayotgani bois haydovchi rul boshqaruvini yo'qotgani sabab bo'lgani aytilmoqda.

 

Hodisa yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan.