Ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo'limi xodimlari tomonilan sud qarorini bajarish evaziga 4 ming AQSh dollari olganligi haqida xabarlar tarqatildi.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun Majbyuuriy ijoro byurosining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo'limi boshlig'i Farrux Toshpo'latov bilan bog'landik.
– Byuro tashkil etilgan vaqtdan buyon korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasi asosiy vazifa va talablardan biri bo'lib qolmoqda, — deydi Farrux Toshpo'latov.
Bu borada xodimlar o'rtasida shaxsiy xavfsizlik bo'yicha tarmoqlar xizmat mavqeini suiiste'mol qilish va boshqa nojo'ya xatti-harakatlar sodir etish holatlarining oldini olish hamda bunga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish borasida profilaktik ishlar olib borilmoqda. (O'tgan yilda 3119 ta ana shunday profilaktik tadbirlar o'tkazildi.)
O'tgan davrda, xizmat tekshiruvlari natijalariga ko'ra, qo'pol qonunbuzilishiga yo'l qo'ygan 69 nafar xodimlar intizomiy jazo tariqdasida Byuro organlaridan bo'shatilgan.
Birgina, o'tgan davrda Byuroning 24 nafar xodimi tomonidan sodir etilgan jinoyat holatlarining 18 tasi shaxsiy xavfsizlik tarmoq xodimlarining tashabbuslari asosida fosh etilgan.
Byuro xodimi degan nomga dog' tushirgan xodimlarga nisbatan murosasiz munosabat bildirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 14 yanvar kuni fuqaro O.Q. ning arizasiga asosan Andijon viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari, viloyat prokuraturasi va Byuroning viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik bo'yicha xodimlari o'zaro hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda Byuroning Andijon shahar bo'limi davlat ijrochisi F.F. o'z ish yurituvidagi qarzdor U.X. va boshqalarni majburiy ko'chirish to'g'risidagi ijro hujjatini ijro qilib berishlik evaziga Andijon tuman bo'limi davlat ijrochisi I.Q. bilan birga Andijon shahar, A.Temur ko'chasida joylashgan “Vatan” choyxonasi yaqinidagi bekatda O.Q. dan 4000 AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan 14.01.2021 yilda F.F. va I.Q.larga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash jamiyat va davlatning oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ekan, unga qarshi murosasiz kurash davom etaveradi.
Ma'lumot uchun: fuqarolarimiz yoki jismoniy shaxslar korrupsiya holatlari haqida zudlik bilan Byuroning Shaxsiy xavfsizlik bo'limining 71-207-11-37 raqamli “Ishonch telefoni”ga ma'lum qilishi mumkin.