60 ga kirgan bo'lsang ham onang tirik bo'lsa bolasan!

0

Yangi kelin bo'lib tushgan kezlarimda sakson yoshdan oshgan qaynona buvimiz kasal bo'lib qoldi. Ayniqsa, oxirgi uch kun og'ir bo'ldi. Bilinar-bilinmas nafas oladilar. Oxiri tomoqlaridan suv ham o'tmay qoldi. Qarindosh-urug'lar yig'ilib, galma-galdan tepalarida o'tirib chiqishadi. Ko'proq qaynotamga zo'r keldi. U kishi volidasining tepasida yum-yum yig'lardi. Yuzini yuziga qo'yib, onajon, bergan sutingizga rozi bo'ling, ojiz banda ekanmiz, qo'limizdan hech narsa kelmayapti, deb mo'ltirar edi.

To'rtinchi kunga o'tar kechasi kampir sekingina ko'zini ochdi. Bunga atrofdagilar g'imillab qoldi. Qaynotam onasining qo'llarini kaftlariga olib, silab-siypab o'pib qo'ydi. Kampir o'g'liga, engash degandek imo qildi. O'g'il, jon qulog'im sizda, deb engashdi:
— Bolam, qorning och emasmi? Bular senga ovqat berdimi? Qorningni och qoldirib yurma tag'in… — deya oldi arang. Bu onaizorning oxirgi so'zlari bo'ldi…