Ichki ishlar binosida fuqaro vafot etdi

0

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G'ijduvon tumani 4-sonli ichki ishlar bo'limi binosida bir fuqaroning vafot etgani to'g'risida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov tuman IIB binosida rostdan ham bir fuqaro vafot etganini tasdiqladi.
Holat yuzasidan berilgan ma'lumotga ko'ra, 17 yanvar kechki vaqt Buxoro viloyati prokuraturasiga G'ijduvon tumani 4-sonli ichki ishlar bo'limi binosida fuqaro I.T.ning vafot etgani haqidagi xabar kelib tushgan. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, hodisa joyiga viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig'i va tuman hokimi hamda viloyat prokuraturasi tergov-tezkor guruhi chiqqan.

Aniqlanishicha, 17 yanvar kuni G'ijduvon tuman ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. ariza bilan murojaat qilib, unda hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug'ullanib kelayotgan «Asliddin» ismli shaxsga chora ko'rishni so'ragan. Ariza asosida ichki ishlar tezkor xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda ariza muallifi F.Q.ga 3 dona «spichki» yozuvli gugurt qutilariga joylashtirilgan 12,61 gramm marixuana giyohvandlik moddasini 1 million 350 ming so'mga sotgan A.R. ushlangan.

Ashyoviy dalillar bilan ushlangan A.R. bilan o'tkazilgan surishtiruv jarayonida u marixuana giyohvandlik moddasini tumandagi «G'ishti» qishlog'ida yashovchi I.T.dan (1960 yilda tug'ilgan) sotib olgani haqida iqrorlik ko'rsatmalarini bildirgan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida fuqaro I.T. tumandagi 4-sonli IIBga taklif etilgan. Ichki ishlar bo'limiga yetib kelgan I.T.ning sog'ligi yomonlashgan hamda ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirilgan. Biroq yetib kelgan shifokorlar fuqaro I.T.ning vafot etganini qayd etgan.

Viloyat prokuraturasining tergov-tezkor guruhi tomonidan 4-sonli IIB ma'muriy binosi, xizmat xonalari va bino yon atrofi ko'zdan kechirilib, holatga aloqador izlar yoki shubhali holatlar aniqlanmagan. Bundan tashqari, binoga o'rnatilgan kuzatuv kameralari ko'zdan kechirilgan hamda ularning xotira moslamalari olib qo'yilgan.

Shuningdek, I.T.ning o'g'li Sh.T. hodisa joyiga chaqirilib, uning ishtirokida murda ko'zdan kechirilgan. Murdani ko'zdan kechirish jarayonida uning tanasida jarohatlar yoki uning izlari aniqlanmagan. Tibbiy ekspertiza birlamchi xulosasiga asosan fuqaro I.T.ning o'limiga yurak qon tomirlar trombozi, o'pka yallig'lanishi oqibatida kelib chiqqan o'tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo'lgan.

Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasining ma'lumotiga ko'ra, I.T. muqaddam yurak xuruji bo'yicha davolanib kelgani hamda jarrohlik amaliyoti orqali bitta buyragi olib tashlangani aniqlangan.

Hozirda fuqaro A.R.dan giyohvandlik moddasi olingani holati yuzasidan G'ijduvon tuman IIB Tergov bo'limi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o'tkazish maqsadini ko'zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o'tkazish) 5-qismi jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tekshiruv davomida G'ijduvon tuman IIB xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berilishini ta'minlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.