Mana bu ona jasorati bo'ladi

0

Yaponiyada dahshatli zilzila sodir bo'ldi. Ushbu dahshatli zilziladan so'ng, qutqaruvchilar tirik qolganlarni qutqarish maqsadida vayron bo'lgan uylarni ko'zdan kechira boshladilar. Ular hali turmushga chiqqaniga ikki yil ham bo'lmagan yosh juvonning uyiga kirishdi. Ular vayron bo'lgan uyni ko'zdan kechirishar ekan, qulagan devor tirqishidan tanasining bir qismi ko'rinib yotgan ayolni ko'rib qolishdi. Qutqaruvchilar zudlik bilan o'sha tomonga shoshilishdi. Afsuski, qulagan beton devordan atigi bir qo'l sig'adigan joy bor edi. Qutqaruvchilar rahbari teshikdan qarar ekan, ayolning yotgan holati uni taajjubga soldi. U xuddi sajda qilayotgan odamdek tizzasi bilan cho'kkala tushib, qo'llarini oldinga cho'zib nimanidir himoya qilib yotgandek edi go'yo. Qulagan bino bo'laklari uning bosh va bellarini qattiq jarohatlagan edi. Qutqaruv guruhi rahbari tirik qolgandir, degan umid bilan uning nafas olishini tekshirdi. Afsuski, ayolning tanasi allaqachon sovib bo'lgan edi…

Qutaruv guruhi a'zolari vayron bo'lgan boshqa uylarni ham ko'zdan kechirish maqsadida, ushbu xonadonni tark etar ekan, biroq guruh rahbari negadir ortiga qaytdi va ayolning jasadini amallab joyidan qimirlatdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, ayolning bag'rida jajji bolakay yotardi. Bechora ona, bolasini himoya qilish uchun shu holda jon bergan ekan… U baqirgancha, bu yoqqa kelinglar, bu yoqqa! Bu yerda bolakay bor ekan, bolakay, derdi.

Qutqaruvchilar katta qiyinchilik bilan ayolning atrofidagi beton devorni parchalay boshladilar. Vanihoyat changga belangan oppoq matoga o'ralgan 3 oylik shirin bolakayni qutqarib olishdi. Jajji chaqaloq esa qutqaruvchilar qo'lida sokin uxlardi… Bolakayni tekshirish uchun zudlik bilan yetib kelgan shifokor, tuproqqa belangan matoni ocharkan, mato ichida turgan telefon uni diqqatini tortdi. U telefon ekraniga yozilgan yozuvlarni o'qib, ko'zidan shashqator yosh oqdi. Unda quyidagi so'zlar yozilgan edi: “Bolajonim, agar omon qolgan bo'lsang, unutmaginki, men seni juda ham yaxshi ko'raman…onang…”. Telefon qo'ldan-qo'lga o'tarkan, ekrandagi yozuvni o'qigan har bir qutqaruvchi, yum-yum yig'lagancha, jasoratli ona muhabbati qarshisida ta'zim qildi…