O'zbek shou-biznesida yangi innovatsiya – Imrondan flesh-albom taqdimoti

0

Kecha, 19 yanvar kuni yosh ijodkor, shou-biznes vakili Imronning O'zbekistonda ilk marotaba taqdim qilinayotgan «Ko'rmasam bo'lmas», deb nomlangan flash disk albomi taqdimoti hamda ilk yakkaxon konserti oldidan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Xonandaning ikkinchi albomi shou-biznesda hali ko'rilmagan burilish yasadi, desak yanglishmagan bo'lamiz. Negaki, albom an'anaviy disk ko'rinishida emas, balki, fleshka ko'rinishida muxlislarga taqdim etildi.

Xonandaning aytishicha, bu g'oyani unga do'sti bergan. Albom o'z ichiga xonandaning o'n uchta qo'shig'ini qamrab olgan va muxlis bu qo'shiqlar yoniga yana boshqalarini yuklab olishi ham mumkin.

Shuningdek, tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, shou-biznes vakillari, xonanda bilan hamkorlik qilgan shoirlar, klipmekerlar ishtirok etishdi va o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ma'lumot uchun, Xonanda Imron 13-14 fevral kunlari «Xalqlar do'stligi» saroyida «Yomon qiz», deb nomlangan ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. «Konsertga allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz», deydi xonanda.

Yig'ilish so'ngida san'atkor kelganlarga o'z samimiy minnatdorchiligini bildirdi va ularni konsertda kutishini ta'kidlab o'tdi.