Farg'onada 18 yoshli yigit otasining Gentra’sida «drift» ko'rsatdi

0

Qo'qonda Gentra haydovchisi yo'l harakati qoidalarini qo'pol ravishda buzib, harakatlangani hamda pistolet va ov qurolini namoyish qilgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur holatga Farg'ona viloyati IIB matbuot xizmati munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda Zamon nashri.

Holat o'rganilganda mazkur avtomobil Uchko'prik tumanida yashovchi fuqaroga tegishli bo'lib, videodagi holatda avtomobil uning 2004 yilda tug'ilgan o'g'li boshqaruvida bo'lgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi avtomobilda o'g'lim bo'lgan. Mashinani qarovsiz qoldirganman. Videodagi qurol — «zajigalka» bo'lgan. Narigi avtomat o'zimni qurolim. U ovchilikka ruxsatnomasi bor qurol bo'lgan. Endi o'g'limning tarbiyasi bilan qattiq shug'ullanaman. Kelgusida bunday ishlar boshqa qaytarilmaydi», – deydi huquqbuzarning otasi.

Videotasvirdagi pistoletning aslida yondirgich ekanligi, ov qurolining barcha hujjatlari mavjudligi tekshiruvlar natijasida aniqlandi. Biroq yigit Gentra’ni tegishli hujjatlarsiz boshqargani, kamiga avtomobilga qoidalarga zid ravishda tovush chiqaruvchi vositalar o'rnatganligi ma'lum bo'ldi.

Holatning o'rganib chiqilgani va tegishli chora ko'rilgani qayd etilgan.