Durdona Qurbonova san'atni tark etmoqchi

0

Aktrisa Durdona Qurbonova «Daryo» internet-nashriga bergan intervyusida san'atni tark etishini ma'lum qildi .

Aktrisa Durdona Qurbonova suhbat davomida san'atdan butunlay ketish fikrida ekanligi, rollarni esa «kimdir majburan, bo'ynidan ushlab o'ynatayotganidek» ijro etayotgani haqida gapirib berdi.

Yaqinda shaxsiy brendimni qonuniylashtirib oldik. Bu ishga bir yilcha vaqt ketdi. Bir ishni boshlaganimdan so'ng, uni yarim yo'lda, chala tashlab ketishni yomon ko'raman. Shuning uchun biznesdagi faoliyatimni yetti emas, yetmish marotaba o'lchab boshlayapman. Keyin meni aktrisa sifatida emas, balki yaxshi biznes-ledi sifatida ko'rasizlar. San'atni tark etyapman yoki qachondir tark etaman. Chunki rostdan ham san'atdan ko'nglim qolib ketmoqda. Juda ham ko'nglim qolib ketgan. San'atdagi odamlardan ham ko'nglim qolib ketgan. Kinoni ham «qo'l tegdi» qilib, olishmoqda. Sifat umuman yo'q. Odamlar u filmlarni ko'rib, bizga bo'lgan hurmati yo'qolmoqda. Har tomonlama san'atdan ko'nglim qolib ketgan.

Xuddi kimdir majburlab, bo'ynimdan ushlab, «o'yna rol» deb majburlayotgandek yuribman. Rostdan shunday kayfiyatdaman. Ichimda «san'atdan qachon ketaman, qachon ketaman» degan fikrlar juda ko'p bo'lmoqda.

Yaqinda hijobda tushgan rasmimni Instagram sahifamga joylaganimda ko'pchilik «yarashibdi sizga, qachon hijobga kirasiz?», deyishganida aniq-tiniq qilib «san'atdan chiqib ketaman, qachonki haqiqiy muslima qiz bo'lganimda», chunki hijobga kirgandan so'ng ham san'at sohasida bachkana rollar o'ynab yurishni xohlamayman. Keyin o'zimni bizneslarimni qilaman.

San'atdagi cho'qqi menga nima ham berardi. Odam katta bo'lgani sayin, ilmingiz oshgani sayin «senga bu san'at nima beradi, nimaga kerak, san'atdan oxirating uchun qanday foyda», degan savollarni o'ziga berarkan. Faqatgina odamlarning oldida shon-shuhrat beradi, xolos.

San'at sizga xiyonatkor bo'ladi. Hozir muxlislarim ko'p. Qaysidir ma'noda eng reytingi baland aktrisalardan biriman. Qachondir mening ham davrim o'tadi va mening muxlislarim boshqa aktrisaga muxlislik qilishadi. Bu degani — san'at sizga bevafo, xiyonatchi. Men bevafo, xiyonatchi san'at uchun umrimni, hayotimni berib nima qilaman.

San'atda erishadiganimga erishdim. Bundan cho'qqisi menimcha yo'q. Eng yuqori cho'qqidaman. Bundan buyog'iga san'atda emas, boshqa yo'nalishlarda ham rivojlanib, cho'qqiga chiqishni niyat qilyapman.

Durdona Qurbonova, aktrisa, xonanda, bloger
Ma'lumot uchun, Durdona Qurbonova 1998 yil, 2 iyun kuni, Toshkent shahrida dunyoga kelgan. San'at kollejida hamda O'zbekiston san'at va madaniyat institutining «Dramatik teatr va kino aktyorligi» fakultetida tahsil olgan. 50 ga yaqin film, seriallarda, 100 dan ortiq kliplarda bosh rollarni ijro etgan. Durdona Qurbonova bugungi kunda aktrisalikdan tashqari, xonandalik faoliyati bilan ham shug'ullanib kelmoqda.