Yaxshilik qil, hatto yuzdan oshganda ham

0

Kecha yonimizdagi masjidning oldida bir ayolga ko'zim tushdi.
U ehson qutisining kichkina yorig'idan pul tashlashga urinar, ammo uddasidan chiqa olmas. Sababi, qo'llari qattiq titrardi. Yordamlashib yuborganimdan so'ng menga siniq jilmaydi va chetroqqa chiqishimni iltimos qildi. Yuragida xozir kimgadir aytmasa bo'lmaydigan dardi borligini xis qilib quloq tutdim.
-G'alatiroq xotin ekan, deb o'ylayatgandirsiz?- gap boshladi suhbatdoshim.
Ayol javobimni kutmay, sumkasidan chiroyli bir qizning suratini chiqardi.
-Bu Zulayxo,-dedi ovozi bo'g'ilib, -yuziga e'tibor bering nurli-a?
Darxaqiqat qo'xlikkina qizning yuzidan nur balqib turardi.
-O'zim Toshkentlik emasman, -davom etdi suratni joyiga solgan ayol, – Chimketlikmiz. O'zbekistonga kelin bo'lib tushganimga ancha bo'ldi. Erim juda aqlli, tijorat bilan shug'ullanadilar. Birin-ketin uch farzandli bo'ldik. O'zimizga tinch, to'q oilamiz….
Ayol qanchalik baxtiyor bo'lmasin, bir nuqtaga qarab qotib qolgan shaxlo ko'zlarida qandaydir mudxish voqeaning daxshati zoxir edi.
—Shu yil bahorda bozor aylanib yurgan edim, —davom etdi u. Savdo qilayotgan chiroylikkina bir qiz ko'zimga o'tdek ko'rindi. Tanigach, quvonchdan baqirib yuboribman:
—Zulayxo!
Uning opasi bilan qalin dugona bo'lib, o'n yil bir sinfda o'qigan edik. Yillarni tez o'tishini qarang. Uylariga dars tayyorlagani borganimizda beshikda yotgan qiz, ulg'ayib chexrasida opasining qiyofasi aks etib turardi.
U ham meni tanib xursand bo'lib, quchoqlab oldi. Ancha vaqtgacha u yog', bu yog'dan gaplashib turdik. Ota-onasi, dugonam, o'zimiznikilar xaqidagi savollarim bilan biroz sog'inchim bosilgach, o'zi xaqida og'iz ochdim.
Zulayho Toshkentda alaqaysi oliygoxda bitiruvchi bosqich talabasi bo'lib, shanba-yakshanba kunlari esa ayollarning ro'mol va sharflarini olib sotar ekan.
-Ishlamasam bo'lmaydi Ra'no opa. Boshqa davlat fuqorosi bo'lganim uchun kontraktim ham shunga yarasha. O'qishimgaku otam va akalarim amallab to'laydi ammo o'zim ham qimirlab tursam aybmasku, to'g'rimi?
-To'g'ri,-dedim uning xaridorlar bilan muomalasidan zavqlanib,-Binoyidek eplayapsan. Qandingni ur!
-Onamga ham bu ishim ma'qul bo'ldi. Ular “O'g'rilik, g'arlik uyat! Qolgani xaloling bo'lsin qizim!” deydilar.
Zulayxolarning onasini yaxshi bilganim uchun bunga shubham yo'q , otasi ham xalol odam.
Unga manzilim yozilgan qog'oz va telefon raqamimni berar ekanman, yakshanba kuni uyimizga mehmonga taklif etdim.
U uch yakshanbadan so'ng, kunlarning birida bolalarimga sovg'a salomlar ko'tarib kirib keldi. Shunchalik sevinganimdan o'tirg'izgani joy topa olmayman. Bolalarimku “opacha”lab biri shirinlik solingan taqsimchalarni olib kelsa, biri muzlatkichdan yaxna go'sht olib kesadi. Norin tayyorlayotgan edim. U ham yengini shimarib ishga unab ketdi. Gap gapga ulanib, bir pasda taom ham tayyor bo'ldi. Eng kichkinam Zulayhoning qo'lidan tutib, “men ekskursovodman” deb uylarimizni ko'rsatib chiqdi.
-Voy opajon buyursin!-dedi astoydil sevingan qiz. –Eshitgandimu, ammo bunchalik chiroyli uyda yashashingizni rosti tasavvur ham qilmasdim. O'n sakkiz xonami?
Uning soddaligidan kulib yubordim. Kichkinamning aybi! U devor –darmiyon qo'shnilarning uyini ham bizniki deydi. Sanoqni yaxshi bilmagani uchun xonalar sonini oshirib aytaveradi. Aslida, xonalar soni sakkizta ekani, kichik qaynimni uylasak, hammamiz birga yashashimiz uchun ham qo'shimcha qurilishlar qilganimizni tushuntirdim.
Kechki yettilarda kirib kelgan turmush o'rtog'imga uch xaftadan buyon ta'rifini keltirayotgan qizni tanishtirar ekanman, “mana mening qishlog'imdan qanaqa harakatchan, epchil, oqila singilchalarim bor” deb g'ururlanib ham qo'ydim. Hammamiz o'tirib mazza qilib ovqatlandik .
Zulayxoning xozirgi turar joyi bilan qiziqqan qaynotamning chehrasi tundlashdi.
-Qizim,-dedi u cho'rt kesib, – o'risnikida turishing yaxshi emas! Kelinim xurmat qiladigan oila farzandi ekansan. Ana uylar bo'sh yotibdi. Ertagayoq ko'chib kelib shu yerda yasha. Ra'nopangga ham yordaming tegadi.
Zulayxo picha o'ylanib turib, rozi bo'ldi. Sevinganimdan qaynotamga qanaqa minnatdorchilik bildirishni bilmayman. Uni qaytishiga yo'l qo'ymay, olib qoldik.

Ertalab mashinamda u aytgan manziliga yo'l oldik. Uch-to'rt xaltacha chiqqan narsalarini olib, uyimizning eng chiroyli xonasiga joylashtirdim. Sinfdosh dugonamni ko'rib turgandek aylanib –o'rgilaman. Xullas bemalol dars qila olishi uchun hamma sharoitlarni yaratib berdim.
Zulayxo bu e'tibordan o'ng'aysizlanar va yaxshiligimizni qaytarish uchun tinim bilmasdi. Hammadan birinchi turib, xovlilarni chinni-chiroq qilib supurgani mayli, darsdan qaytgach ham apil-tapil ovqatlanib, uy ishlariga yordamlashishga oshiqardi. “ Qo'y, kerakmas! Darsingni qil. O'zim qilaveraman!” deganimga qaramay kulib bilganidan qolmasdi. To'rtinchi farzandimga og'iroyoqligimni bilib qolgan Zulayxo qo'limni sovuq suvga urdirmay qo'ydi. Bozordagi savdo-sotig'ini ham yig'ishtirib menga ko'maklashar, har doimgidek og'ir kechadigan xomiladorligim u tufayli ancha yengillashgan edi. Men yomon toksikoz bo'laman. Eng toza yog'ning xidi ham chuchmal tuyulib, oshxonaga kira olmayman, uncha-muncha narsa yoqmay o'qchiyveraman.
Uch oy shu taxlit o'tdi. Chaqqongina, qo'li ham, tili ham shirin Zulayxodan hamma xursand. Avval xomiladorligimda xizmatkor olishga majbur bo'lardik. Begonani hech jinim suymay, tayyorlagan ovqatlarini ham ta'bim tortmay ichardim. Singlimday qadrdon bo'lib qolgan Zulayxoga esa bemalol ishonaman. Orada uch-to'rt marta kasalxonada ham yotib chiqdim. Meni ko'rgani kelgan bolalarning ust-boshi orasta, olib kelgan taomlari mazali.
Iyunda o'qishi tugagan bo'lsada Zulayxo meni o'ylab sentyabr oyidagina xonadonimizni tark etdi. Xayrlashar ekanmiz, erim va qaynota -qaynonam bilan maslahatlashgan xolda tilla taqinchoqlar to'plamini sovg'a qildik. U xafa bo'lib, qo'limizni qaytardi. Men majburlab taqib qo'yib “ Sarpangga bu singlim buyursin!” deganimdan so'ngina noiloj qabulib, hammamizni duo qildi. Yegan ichganiga rozilik so'rab, qayta-qayta rahmat aytdi. Juda yaxshi qiz edida Zulayxo….Judayam yaxshi.
Hikoyasiining shu yeriga yetganda ayol chuqur xo'rsindi.
Xayolimda, birovning ishonchini suistimol qilib eriga tegib olgan qizlar gavdalandi.
-Nima, u xozir yomonmi? Eringiz bilan yurib ketdimi? Oilangiz buzildimi?
Ayolligimga borib, miyamga kelgan kelgan savollarni paydar-pay berar ekanman, o'z taxminlarimni to'g'ri deb xisoblab, baralla yig'lab yuborgan suhbatdoshimga achinib ketdim.
-Qo'ying, xafa bo'lmang opa! Xudoga soling! Shuncha yaxshiligingizni bilmabdi. Ilonday kirib olgan ekanda o'ziyam?
-Yo'q,-dedi yelkalari silkinib yig'lab yuborar ekan,- Qani endi siz aytgandek bo'lsa! Erimga tegib olsa, ilonlik qilsa ham mayli edi.
Bu xotin jinnimi? Almoyi-jalmoyi gaplaridan sog' odamga o'xshamaydi. Nima deyayotganini ham bilmaydi chog'i? Bir ozdan so'ng u sal o'ziga kelgach chuqur xo'rsindi, uzoq bir nuqtaga xissiz tikilgancha lablari titradi.
-Qani endi siz aytganchalik bo'lsa! Zulayxoday kundoshim bo'lsa, jon derdim! Ammo u endi yo'q. Tushunyapsizmi, yo'q?! Uni o'ldirib ketishibdi. Biznikidan ketgan kuniyoq o'ldirishgan ekan. Taxmin qilayotgandirsiz nima uchun?
Naxotki?
— Xa, uni o'sha tilla taqinchoq uchun! Uni tunab, bo'g'izlab, so'ng anxorga tashlab yuborishibdi…Kecha o'sha ablaxlarning sudi bo'ldi. Xali yigirmaga ham kirmagan maxluqlar yaxshigina oilaning farzandlari ekan. Qilgan jinoyatlarini esa seskanmay tan olishdi… Odamlar nima uchun bunchalik vaxshiylashib ketishgan singlim? Allaqanday , ikki pulga qimmat matoxlar uchun bir-birini molday so'yaveradi. Bechora Zulayxo, sovg'ani berayotganimizda “ Opa hech bunaqa narsalarni taqmagan edim. Menga yarashmasa kerak?” deb olgani unamagan edi. Men axmoq esa uning gaplarini hijolatga yo'yib, o'zimcha bir kambag'al qizning xizmatlarini munosib taqdirlayapman” deb o'ylabman. Undan ko'ra, o'ziga o'xshab, chiroyli duo qilib qo'ymaymanmi? Bechora qiz o'sha mal'unlarning e'tiboriga tushmas va xozir hayot bo'larmidi?
Ayolga nima deb tasalli berishni bilmadim. Shu ulug' kunlarda Zulayxoning ruhiga Alloxdan maxfirat so'rashdan boshqa choram ham yo'q edi…
Muazzam Ibrohimova
Bu voqea 2012 yili bo'lgandi. Qog'ozga ham o'sha vaqtda tushirilgan. O'qib bo'lsangiz, Zulayxoga o'xshagan jabrdiydalar xaqqiga duo qilishni unutmang..

«Kechirasiz, mashinangizni olib qochdim. Oilamni qutqardim!» – Kiyevlikdan juda ta'sirli hikoya…
Bombardimondan so'ng yerto'ladandan chiqdim va ko'chada, do'kon yonida turgan mashinaga ko'zim tushdi. Ichida kalitlari ham osilib turardi. Ikki soat davomida kuzatdim, egasi kelmadi. Men oilamni olib, mashinaga o'tirdim va Vinnitsadagi qarindoshlarnikiga yo'l oldik. Bardachokda telefon raqam qoldirilgan ekan. Qo'ng'iroq qildim:
– Kechiring, mashinangizni o'g'irlab ketdim. Oilamni qutqarishim kerak edi.
– Xudoga shukur! Xavotir olmang, 4 ta mashinam bor. Men oilamni jipimda olib chiqib ketdim. Qolgan mashinalarga yoqilg'i quyib, ularni kalitlari va telefon raqamim bilan birga shaharning turli nuqtalarida ataylab qoldirdim. Barcha mashinalardan telefon qilishdi.
Tinchlik bo'lsa, albatta ko'rishamiz!
O'zingizni asrang!»
Bunday hikoyalardan keyin qanday qilib yaxshilikka ishonmaslik kerak?