0

Qashqadaryo viloyatida taniqli kinoijodkorlar, madaniyat arboblari ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tdi.

 

Shuningdek, viloyat bo'ylab O'zbekiston Kinematografiya agentligi va Xalq ta'limi vazirligi hamkorligida insholar tanlovi ham tashkil etildi. Kuni kecha umumta'lim maktablari o'quvchilari uchun “Muhabbat bahori” filmi ilk marotaba premyera qilinib, film asosida “Kino qahramonlaridan o'rnak olamiz” mavzusida insholar tanlovining yakuniy bosqichi o'tkazildi.

 

Tadbir haqida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov batafsil ma'lumot berdi:

 

— Maktab o'quvchilari o'rtasida filmlar namoyishi va insholar tanlovini o'tkazish tashabbusi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bugun ushbu g'oya hayotga tatbiq etildi. Mazkur tanlov 170 mingga yaqin o'quvchini qamrab oldi. Tanlov doirasida maktab o'quvchilari uchun turli janrlarda ishlangan filmlar namoyish etildi. Finalgacha esa 45 nafar o'quvchi yetib keldi. Yakuniy bosqichda o'quvchilar uchun o'zbek xalqining suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaning hayoti, ijodi, o'zaro muhabbati va sadoqati haqida hikoya qiluvchi filmning ilk premyerasi taqdim etildi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun hamkorlarimiz – O'zbekiston Prezidenti adminstratsiyasi, Xalq ta'limi vazirligiga shuningdek, Yozuvchilar uyushmasiga minnatdorchilik bildiramiz, — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov., — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov.

 

Qayd etish lozimki, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan. Film O'zbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, shoir Hamid Olimjon hayoti va ijodiga bag'ishlangan.

 

— Ushbu filmni suratga olayotganimda uni birinchi navbatda maktab o'quvchilari ko'rishi lozimligini bilardim va bundan juda xursandman. Bu men uchun rejissyor sifatida katta sovg'a bo'ldi, – dedi film rejissyori Ibrohim Rasulov.

 

Bolalar filmni tomosha qilgandan so'ng o'z taassurotlarini insho shaklida yozib berdilar. Hakamlar hay'ati tomonidan eng yaxshilari aniqlanib, g'oliblarga qimmatbaho sovg'alar topshirildi. Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan barchaga faxriy yorliq va esdalik sovg'alari taqdim etildi.

— O'quvchilar o'rtasida bunday tanlovlar ko'p o'tkaziladi, ammo bu galgi tanlov ular uchun g'ayrioddiy va esda qolarli kechdi. O'zbekistonning buyuk shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya ijodini o'rganish maktab o'quv dasturiga kiritilgan va bu borada filmlar tomosha qilish, insholar yozish bolalarning dunyoqarashini kengaytirishiga ishonchimiz komil. O'ylaymanki, bu kabi tashabbuslar ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, – dedi Xalq ta'limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova.

 

Tanlov finaliga qadar 45 nafar o'quvchi yetib keldi. Ularning barchasiga “O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida” turkumiga oid kitoblar sovg'a sifatida taqdim etildi. Barcha sovrinli o'rinlarni qizlar qo'lga kiritgani ham e'tiborga molik. Tanlovda birinchi o'rinni O'ktamova Sevinch, ikkinchi o'rinni Xushmurodova Nilufar egallagan bo'lsa, uchinchi o'rin Yaxshiyeva Sevinchga nasib qildi. Insholar tanlovining g'oliblariga mukofotlarni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosari Nodir Xolbo'tayev, Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Xalq ta'limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova va boshqalar tantanali ravishda topshirishdi.

 

Tanlov g'olibi, Shahrisabz tumanidagi 24-maktabning 9-sinf o'quvchisi Sevinch O'ktamova tadbir haqida o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

 

– Kino qahramonlaridan o'rnak olamiz” mavzusida o'tkazilgan insholar tanlovi bizni juda ham ilhomlantirdi. Biz ko'p filmlarni tomosha qilamiz, lekin ular haqida o'z fikrimizni yozmaymiz. Bunday imkoniyat mazkur tanlovda taqdim etildi. Maktab o'quvchilariga shunday ajoyib imkoniyatlar yaratib bergani uchun Prezidentimizdan juda minnatdorman. “Muhabbat bahori” filmi menda katta taassurot qoldirdi. Tanlovda faxrli birinchi o'rinni egallanimdan xursandman, ushbu yutuqni nafaqat o'zimning, balki ustozlarim va ota-onamning yutug'i deb bilaman, – dedi Sevinch O'ktamova.