Hilol Nasimov tomonidan suratga olinga film Hindiston xalqaro kinofestivalida «Yilning eng yaxshi xorijiy filmi» deya e'tirof etildi

0

«O'zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga ko'ra 2021 yili rejissyor Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan «Meros» filmi aprel oyida Hindistonning Kalkutta shahrida o'tkazilgan xalqaro kinofestivalda «Yilning eng yaxshi xorijiy filmi» nominatsiyasida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Rejissyor Hilol Nasimov xalqaro kinofestivalning sertifikati va statuetkasini qo'lga kiritdi. Bu haqda kinorejissyor «Daryo» muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

Mazkur festivalda eng yaxshi deb topilgan filmlar Golden Fox Award nufuzli xalqaro mukofotini qo'lga kiritadi. Festivalning yakuniy taqdirlash marosimi 2023 yilning yanvar oyida Hindistonning Kalkutta shahrida bo'lib o'tadi.

«Meros» filmi yana ikkita xalqaro kinofestivalda ishtirok etayapti. Uning nomzodi 12—15 may kunlari Limada (Peru) bo'lib o'tayotgan Inca Imperal International Film Festival xalqaro festivaliga qo'yilgan. Bundan tashqari, mazkur film Rossiya xalq artisti Nikolay Burlyayev raisligida o'tkazilayotgan «Zalotoy vityaz» xalqaro kinofestivaliga ham nomzodligi kiritilgan.

Eslatib o'tamiz, mazkur filmning suratga olish ishlari 2020 yili boshlangan. Undagi voqealar O'zbekiston, Qozog'iston va Belarus davlatlarida suratga olingan.

Filmda o'zbek va qozoq xalqlarining qadimiy do'stligi, urf-odat va an'analarining uyg'unligi badiiy ifoda etilgan. Bundan tashqari, filmda alloma, ulug' mutafakkir Ahmad Yassaviy hayoti va ijodi haqida tarixiy ma'lumotlar ham film g'oyasiga singdirilgan.

Mazkur kartina rejissyori va ssenariy muallifi Hilol Nasimov, tasvirchi Xusan Alijonov, rassom Fazliddin Turdiyev, bastakor Dmitriy Yanov-Yanovskiy. Unda Rustam Karimov, Munavvara Abdullayeva, G'ayrat Husayinov, Bobur Aytbagambetov, Fotih Nasimov, Oysanam Yusupova kabi aktyorlar suratga tushgan.