Kredit mablag'larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

0

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag'larining talon-toroj qilinishi bo'yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o'z vaqtida qonuniy choralar ko'rilmoqda.

Xususan, Qorako'l tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi bank filiali tomonidan “Sh.O.” MChJga yangi to'quvchilik dastgohlarini sotib olish maqsadida ajratilgan 2 mlrd so'm miqdoridagi kreditning 68,1 ming AQSh dollarini naqdlashtirib olib, qolgan 124,6 ming AQSh dollarini o'ziga tegishli bo'lgan “N.L.” MChJga o'tkazib, jinoyatini fosh bo'lishini oldini olish maqsadida eski yaroqsiz dastgohlarni olib kelganligi, shuningdek, MChJning moliyaviy natijalari to'g'risidagi hisobotiga soxta ma'lumotlar kiritib, qasddan bankrotlikka olib kelganligi aniqlangan.

Shu kabi, Farg'ona shahrida faoliyat yurituvchi “T.U.” MChJ rahbari D.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, aslida boshqaga tegishli “Savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shahobchasi” bino-inshootini soxta hujjatlar asosida go'yoki o'ziga tegishli qilib ko'rsatib, 1,8 mlrd so'mga baholab, kredit ta'minoti sifatida garovga qo'yib, trikotaj ishlab chiqarish dastgohi sotib olish uchun ajratilgan 1 mlrd so'm imtiyozli kreditni boshqa MChJga o'tkazish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Yoki, Qo'qon shahrida “B.E.” MChJ rahbari S.Y. fuqaro R. bilan o'zaro til biriktirib, “O.B.” MChJga ajratilgan kredit hisobidan qurilish mahsulotlari sotib olishida yordam berish evaziga kredit mablag'ining 700 mln so'mini “B.E.” MChJga o'tkazib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro J.B. “Y.T.” MChJ va ukasi nomidagi YaTT “B.B.”ni boshqarib kelib, viloyat tijorat banki filialidan aylanma mablag'larni to'ldirish va issiqxona qurish uchun ajratilgan 443,3 mln so'm imtiyozli kredit mablag'ini talon-toroj qilganligi, shuningdek, garov ta'minoti sifatida qo'yilgan “Tracker” rusumli avtotransport vositasini soxta hujjatlar orqali garovdan chiqarib, taqiqqa qo'yilgan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etganligi aniqlangan.

Shirin shahrida faoliyat yurituvchi “G.H.” va “S.E.” MChJlar rahbari S.T. hududiy tijorat banki filialidan mebel ishlab chiqarish faoliyatini yo'lga qo'yish uchun ajratilgan 450 mln so'm imtiyozli kredit mablag'ini belgilangan faoliyat turiga yo'naltirmasdan, o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Xovos tumanida faoliyat yurituvchi “K.o.” MChJ rahbari M.U. bank filialidan ajratilgan kredit mablag'i evaziga Qozog'iston Respublikasidan olib kelingan 107 bosh chorva mollarini fuqarolarga naqd pulga sotib yuborib, 420 mln so'm imtiyozli kredit mablag'ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.