Ommaviy qabulda mahallaning 70 yillik muammosi hal bo'ldi (foto)

0

Davlatimiz rahbari topshirig'i asosida tuzilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas'ul xodimlari boshchiligidagi ishchi guruhning Andijon shahri, Asaka va Buloqboshi tumanlaridagi ommaviy qabullari amaliy ishlarga boy bo'ldi. Muloqotlar davomida 20 dan ziyod vazirlik va idoralar rahbarlari murojaatchilar bilan yuzma-yuz o'tirib, har bir masalani hududiy mas'ullar bilan birga muhokama qildi. Muammolarni hal qilish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solindi.


Misol uchun, Asaka tumani “Fayz” mahallasiga aholi ko'chib chiqqaniga salkam 70 yil bo'lyapti. Ammo shuncha paytdan beri ular ichimlik suvini qo'shni mahalladan tashib ichishgan. Qabulda Prezident Xalq qabulxonasi vakillariga yo'llangan murojaat bois bugun “Fayz” mahallasiga fayz kirmoqda: 2,7 kilometr suv tarmog'i tortilishi bilan mahallaning 70 yillik muammosi hal qilinmoqda.
Buloqboshi tumanidan kelgan Odinaxon Soliyeva yangi suv qudug'i qazib berish yuzasidan murojaat qildi. Ushbu xayrli tashabbus natijasida tumandagi “Zarg'aldoq” MFY Novvoq ko'chasida istiqomat qiluvchi 165 ta xonadon yashnab ketdi. 25 yildan beri qo'shni mahalladan ichimlik suvi tashib keladigan aholining mushkuli aridi.
Xuddi shunday murojaat asosida Andijon tumanining “Besh bo'ynoq” mahallasida ham 3 kilometr ichimlik suvi tarmog'i tortilmoqda. Bu bilan “Besh bo'ynoq”dagi 210 ta xonadonga obihayot kirib boradi.


Oltinko'l tumani “Akramobod”, “O'rtaqaychi” mahallalari aholisi esa tomorqalaridan ko'ngildagidek hosil olisholmayotgan edi. Sababi sizot suvlari sathi ko'tarilgan, sho'rlanish darajasi oshgan edi. Murojaatlar asosida 1,5 kilometr zovur tozalanishi bilan yerosti suvlari sathi 2 metrgacha pasayadi.
Xuddi shunday muammo Oltinko'lning boshqa hududlari aholisini ham tomorqasidan samarali foydalanishiga xalal berib kelayotgan edi. Aholi murojaatlaridan so'ng bu tizimli muammo tahlil qilinib, tumandagi 97 kilometr ariq-zovurlar qazilib, 1 ming 700 gektar ekin maydonining meliorativ holatini yaxshilash ishlari boshlab yuborildi.


Saidakbar Zokirov esa Andijon shahrida mavsumiy ish bilan shug'ullanishini aytib, 5 nafar farzandni voyaga yetkazish-u ro'zg'orini butlash uchun katta magistral yoqasidagi bekatda savdo do'koni tashkil etishda yordam so'radi. Mas'ullar bu masalada Saidakbar akaga amaliy ko'mak ko'rsatadigan bo'ldi. Shu bilan birga, bu inson Avtomobil yo'llari qo'mitasining viloyat boshqarmasi tizimiga ishchilikka qabul qilindi.
Shu singari murojaatlardan so'ng subsidiya asosida bo'stonlik 34 yoshli Mavsuma Ro'zimatova kabi bir qator xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilgan bo'lsa, Bo'stonlik Ominaxon Jalolova va ulug'norlik Shahnozaxon Do'stmatova xonadonlariga ixcham issiqxonalar qurib berildi.


Fuqarolar huquqlarini himoya qilish asnosida ham qator murojaatchilar bandligi ta'minlandi. Aytaylik, Oltinko'l tumanidagi maktabgacha ta'lim tizimida ishlagan Matluba Qo'chqorboyeva bola parvarishi ta'tilidan so'ng ish joyiga tiklanmay sarson yurgan ekan. Garchi bu orada maktabgacha ta'lim tizimi bo'yicha kasb-hunar kollejini ham bitirgan bo'lsa-da, shunda ham bolalar bog'chasiga ishga olinmagan ekan. Bosh prokuratura mas'ullariga murojaatidan so'ng bu ayol Oltinko'l tumanidagi 21-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida ish boshlaydigan bo'ldi. Xuddi shunday murojaat asosida Buxajal Hamdamova Oltinko'l tumanidagi 5-maktabgacha ta'lim tashkilotiga ishga qabul qilindi. Shahrixonlik Muhabbatxon Hoshimova esa tuman bandlikka ko'maklashish markazi inspektori vazifasida ish boshladi.


Ichki ishlar vazirligi mas'ullari tizimga ishga kirish istagidagi 5 nafar nomzod bilan shu yerda muloqot qilgach, ular mazkur sohada ish boshladi. Yana bir nomzodga esa bo'lib o'tadigan tanlovlarda ishtirok etish uchun ruxsat berildi. Misol uchun Durbek Jo'rayev jamoatchilik asosida Andijon shahar “Jumabozor” mahalla fuqarolar yig'inida profilaktika inspektori yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi. Endi u Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi bo'ldi.

Bo'stonlik Mohlaroy Akromova Andijon davlat tibbiyot instituti farmakalogiya yo'nalishining 3-bosqichida tahsil oladi. Oilaviy sharoiti esa unga to'lov shartnoma pullarini to'lashga monelik qilmoqda. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi mas'ullaridan shu masalada amaliy yordam so'ragach, talaba qizning kontrakt summasi institut tomonidan amalga oshirib beriladigan bo'ldi. Andijon davlat universitetining talabalari bo'lgan Feruza Rahmonova hamda Saidamirxon No'monxo'jayevlarga ham institut tomonidan shartnoma pullari to'lab berildi. Buloqboshida o'tkazilgan qabulda 4 nafar talabaga ana shunday to'lovlar amalga oshirildi.


Bo'stonlik Ra'noxon Abdurahimova va izboskanlik Omadxon Sodiqova Kadastr agentligi mas'ullaridan uy-joylarini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam so'rashdi. Ikki murojaat asosida ularning hovlilari belgilangan tartibda rasmiylashtirib berildi.


Andijonlik Muqaddas Ro'ziyeva onasining onkologik xastaligini davolashda amaliy yordam so'ragach, ijtimoiy himoyaga muhtoj bu ayolga bepul jarrohlik amaliyotini o'tash va davolanish uchun order ajratildi.
Sud-huquq tizimiga oid qator masalalar ham shu yerda hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo'yicha tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 14 nafar shaxs jazoni o'tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.


Andijon shahridan Ravshanbek Mirzaqosimov to'rt yil avval hovlisini bir tanishiga 40 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo'ladi, unga ishonib, pulning bir qismini oladi-yu hovlini tanishga xatlab beradi. Biroq tanish degani hovlini olvolgach, notanishga aylanadi. Aldagani kamdek pulni qaytarmaslik uchun unga taziyq ham o'tkazadi. Ichki ishlar vazirligi mas'ullariga murojaatdan so'ng dastlab Ravshanbekka himoya orderi berildi. Shu kunning o'zida qarzdordan mablag'i ham undirib berildi.
Davlatimiz rahbari topshirig'i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining ommaviy qabullarida 1533 ta masala ko'rib chiqilib, ularning 694 tasi joyida hal qilindi. 170 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo'lsa, 566 ta murojaatni hal qilish bo'yicha aniq muddat va mas'ullar belgilanib, nazoratga olindi.