Turkiya hududida istiqomat qiluvchi o'zbekistonliklar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o'tkazildi

0

Joriy yilning 14 may kuni Turkiya hududida istiqomat qiladigan vatandoshlarimizning murojaatlarini qabul qilish, muammolarni o'rganish asnosida birgalikda hal etish, taklif va e'tirozlarini o'rganish maqsadida O'zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida “Ochiq eshiklar kuni” o'tkazildi.

Tadbirda konsulxona diplomatlaridan tashqari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) – Feruza Eshmatova, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakillari, Turkiyadagi o'zbek diasporal tashkilotlar, xususan, “O'zbek xotin-qizlarining haq-huquqlarini himoya qilish”, “O'zbekiston madaniyati va birdamlik”, “O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” jamiyatlari vakillari hamda o'zbekistonlik tadbirkorlar faol ishtirok etdilar.

Qabul davomida 150 nafardan ortiq vatandoshlarimiz murojaat qilishdi. Bundan tashqari, onlayn efir davomida – 39 ta, vakolatxonaga kelgan vatandoshlarimiz tomonidan 90 dan ortiq konsullik-huquqiy xarakterdagi va migratsiya masalalariga oid murojaat, muammo va takliflar qabul qilingani holda ularning yechimi bo'yicha manzilli ko'mak ko'rsatildi.

Shu bilan birga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili Feruza Eshmatova Ombudsman instituti O'zbekistonda birinchilardan bo'lib tashkil etilib, 1995 yildan buyon fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularni tahlil qilish, o'rganish va buning asosida mamlakat qonunchiligiga taklif va o'zgartishlar berilayotganligi to'g'risidagi batafsil ma'lumotlarni o'rtoqlashdi.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbirida Bosh konsul Amirsaid A'zamxo'jayev Turkiyada o'zbek fuqarolarining qonuniy ro'yxatdan o'tish tartibi, bu borada kuzatilayotgan muammolar haqida to'xtaldi. Shu bilan birga, so'nggi paytlarda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan mazkur davlatda noqonuniy bo'lib turgan xorijiy fuqarolarga nisbatan faol “tozalash” tadbirlari olib borilayotganligi, ushlangan migrantlarni deportatsiya markazlariga olib borib mamlakatdan chiqarib yuborish amaliyoti keng tus olganligi tufayli fuqarolarga o'z hujjatlarini olib yurish va qonunchilikni buzmaslik borasidagi tavsiyalarni berdi.

Konsulxona xodimlari tomonidan vatandoshlarimizning pasport bilan bog'liq muammolariga alohida e'tibor qaratishdi. Xususan, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, hujjatlarni tasdiqlash, talab qilish, doimiy va vaqtinchalik konsullik ro'yxatiga qo'yish, notarial va boshqa konsullik harakatlari bo'yicha savollarga batafsil javoblar berildi.

Talaba va o'quvchilar bilan o'tkazilgan muloqot nihoyasida yaqin kelajakda tashkil etiladigan tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.

Kelib tushgan murojaat va takliflar o'rganilib, Bosh konsulxona tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini muntazam ravishda o'tkazish rejalashtirilmoqda.