Narkokur'yerlar «sherlari» qo'lga olindi

0

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda To'rtko'l tumanida yashovchi, 1988 yilda tug'ilgan shaxs Samarqand shahridan Nukus shahriga 2 kg 10 gr. “geroin” moddasini olib kelib, xaridorga 90 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo'lga olindi.
Ma'lum bo'lishicha, mazkur giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokur'yer tomonidan mamlakatimiz hududiga o'tkazilgan.

Bu yo'nalishda DXX Toshkent shahar bo'yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o'tkazishdi.
Jumladan, Uchtepa tumanida yashovchi, 1964 yilda tug'ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog'liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko'zdan kechirilganda, uyning shift qismiga yashirib qo'yilgan 1 kg. 924 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ta'kidlash lozimki, ushbu ajal og'usi uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan keltirilgan. Shuningdek, xonadonda tegishli hujjatlari bo'lmagan 1 dona pnevmatik pistolet ham borligi ma'lum bo'ldi.

Uchtepa tumanida kuzatilgan boshqa bir holatda Tojikistondan aylanma yo'llar bilan o'tkazilgan narkotik moddalarni Toshkent shahriga olib kelib sotish bilan shug'ullangan, Surxondaryo viloyatida tug'ilgan 3 nafar shaxsning noqonuniy faoliyatiga chek qo'yilib, ulardan 943 gr. “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, Qirg'iziston Respublikasidan noqonuniy yo'llar bilan mamlakatimiz hududiga o'tkazilgan narkotik moddalar va kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari ham aniqlandi.

Jumladan, Farg'ona viloyatining Farg'ona tumanida yashovchi, 1976 va 1997 yillarda tug'ilgan ikki fuqaro kelayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi poytaxtimizga kiraverishdagi “ShARQ” YPX maskanida to'xtatilib, ko'zdan kechirilganda, avtomashina salonida 939 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi hamda tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX xodimlari tomonidan Bojxona qo'mitasining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 1977 va 1995 yillarda tug'ilgan 2 fuqaro Chilonzor tumanida xaridorga 560 dona “Regapen” hamda 100 dona “Tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini 26 mln. so'mga sotayotgan vaqtida qo'lga olindi.

Shuningdek, ularning sherigi, 2002 yilda tug'ilgan yana bir shaxs ham ushlanib, uning vaqtincha yashash xonadonidan 1540 dona “Regapen”, 630 dona “Tropikamid” hamda 30 dona “Selofen” kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari o'rnatilgan tartibda olib qo'yildi.

DXX Farg'ona viloyati bo'yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan birgalikda tezkor tadbirlar o'tkazishdi.
Jumladan, “Farg'ona-Namangan” yo'nalishida harakatlanayotgan, 1990 yilda tug'ilgan shaxs boshqaruvidagi avtomashina Yozyovon tumani hududida to'xtatilib, ko'zdan kechirildi. Natijada, uning salon qismida mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 1920 dona “Tramadol” dori vositasi, shuningdek, dorixonalarda shifokor resepti asosida sotilishi lozim bo'lgan 4704 dona “Regapen” va 150 dona “Tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda “Quvasoy-Toshkent” yo'nalishida harakatlanayotgan avtomashina “Namangan” YPX maskanida to'xtatilib ko'zdan kechirilganda, unda Quvasoy shahrida yashovchi, 1997 yilda tug'ilgan shaxsga tegishli 840 dona “Regapen” va 240 dona “Tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari borligi ma'lum bo'ldi hamda protsessual tartibda olib qo'yildi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.