Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan mahkumlar tibbiy ko'rikdan o'tkazildi

0

2022 yilning 17 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakilining (Ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili va Sog'liqni saqlash boshqarmasi mas'ul xodimlari bilan Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 38-sonli Manzil-koloniyada sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulni tashkil etishdan maqsad – ushbu muassasada saqlanayotgan 413 nafar mahkumlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish va koloniyadagi sharoitlarni o'rganishdir.

Tadbirning 1-bosqichida Viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasi tomonidan maxsus uskunalar bilan jihozlangan  1 ta avtobus va 8 xil turdagi ko'chma tibbiy uskunalar jazoni ijro etish manzil-koloniyasiga olib kelindi. 16 nafar tajribali tibbiy xodimlar soat 09:00 dan boshlab 254 nafar mahkumlarni 15 xil turdagi tibbiy ko'rikdan o'tkazishdi.

Tibbiy yordamlarni ko'rsatish uchun shifokorlar guruhini olib kelishga asosiy sabab, shu manzil koloniyada jazo o'tayotgan mahkumning murojaati bo'lgan – deydi Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov.

–  Ushbu mahkum telefon orqali murojaat qilib isitmalayotgani va unga manzil-koloniyaning tibbiyot xodimi tomonidan shifoxonaga yo'llanma berilmayotganligini aytgan edi. Bu masala darhol hal etilgan. Qolaversa, manzil- koloniyaning tibbiyot bo'limida davolanayotgan bemor mahkumlar bilan suhbatlashganimda malakali shifokorlar guruhini manzil-koloniyaning o'ziga olib kelish zarurati mavjud degan xulosaga kelganman. Hozirda bepul tartibda mahkumlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazishni boshladik.
Tadbirning 2-bosqichida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili va 38-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasi rahbari 90 nafar mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar o'tkazishdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori hamda 2021 yil 10 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonlarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berildi.

Samarqand shahridagi 38-sonli Manzil-koloniyada mahkumlar uchun yaratilgan shart sharoitlar ham o'rganildi. Monitoring jarayonida mahkumlarning yashash sharoitlari ko'zdan kechirilganda ba'zi xonalarning chiroqlari kuyganligi va almashtirilmaganligi, oilaviy  uchrashuv xonalarida suv yo'qligi aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha manzil-koloniya rahbariga tegishli tavsiyalar berildi.

Tadbirning so'nggi bosqichi sifatida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili mahkumlarni yakkama-yakka tartibda qabul qilib, ular murojaatlarini qabul qildi. Sayyor qabulda Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 18 nafar mahkum tomonidan murojaat kelib tushgan bo'lsa, ularning 6 nafariga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan 12 ta murojaat o'rganish va chora ko'rish uchun olib ketildi.

Ushbu murojaat qilgan mahkumlarning 2 nafari bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib oliygohga o'qishga kirish uchun yordam so'radi. Ushbu murojaatlar bo'yicha tegishli tartibda oliygohlar bilan hamkorlikda ishlar tashkil etilib, imtihonga tayyorgarlik ko'rish uchun kerakli kitob va ma'lumotlar berilishi ma'lum qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati