Samarqandda beshta uy yonib ketdi

0

Samarqand tumanidagi mahalla hududida joylashgan beshta uyda yong'in sodir bo'ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yong'in haqida xabar tuman favqulodda vaziyatlar bo'limiga 19 may kuni soat 03:51 da kelib tushgan. Yong'in “Jo'isoy” mahallasidagi Berdamlik ko'chasi bo'ylab bir necha uyni qamrab olgan.

Voqea joyiga yettita o't o'chirish-qutqaruv brigadasi hamda bir yordamchi KamAZ yetib kelgan. Yong'in soat 04:06 da o'rab olingan va 05:38 da to'liq o'chirilgan.

Natijada beshta uyning qariyb 490 kvadrat metr maydonda shifti va tomining bir qismi hamda maishiy texnika vositalari yonib, shikastlangan. Halok bo'lganlar va jarohatlanganlar yo'q.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.