“Omikron”ning yanada yuqumli mutatsiyasi tarqalmoqda

0

Xabaringiz bor, avvalroq xalqaro ekspertlar “omikron”ning yangi versiyalari dunyo bo'ylab keng tarqala boshlaganidan xavotir bildirishgan edi. BA.2.12.1 subvarianti — shulardan biri.

Mazkur mutatsiyaning o'chog'i Nyu-York shahri hisoblanadi. U butun Qo'shma Shtatlarni shiddat bilan “zabt” etmoqda. Hatto mamlakatning qator shtatlarida allaqachon dominantga aylanib ulgurgan.

Xo'sh, yangi variant nega mutaxassislarni bu qadar tashvishlantiryapti? SSV matbuot xizmati bu boradagi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Ma'lum qilinishicha, BA.2.12.1 boshqa mutatsiyalarga nisbatan antitanachalarga osonroq “chap berish” xususiyatiga ega. Qolaversa, yuquvchanligi, transmissivligi “omikron”ning BA.2 versiyaga nisbatan 23-27 foiz yuqori.

Bu esa kasallikdan himoyalanish bir muncha qiyinlashishi va koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortishiga sabab bo'lishi mumkin. Sodda qilib aytganda, olimlar dunyoda pandemiyaning yangi to'lqini boshlanishidan tashvishda!

Ma'lumotlarga ko'ra, BA.2.12.1 subvarianti shu kungacha dunyoning kamida 23 mamlakatida qayd etilgan va u jahon bo'ylab yoyilyapti.

Jumladan, yangi shtamm kecha ilk bor sayyoramiz aholisining qariyb beshdan bir qismi yashaydigan Xitoy davlatida ham qayd etildi. Aniqlanishicha, kasallik Guanchjou shahriga Keniya mamlakatidan kelgan bemorda ro'yxatga olingan.  Garchi u 14 kunlik karantinga olingan bo'lsa-da, yangi virus turini boshqa bemorlar ham yuqtirib olgan bo'lishi ehtimoli mavjud.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, “omikron”ning olti yangi mutatsiyasi — BA.4 va BA.5, BA.2.12.1, BA.2.9.1, BA.2.11 va BA.2.13 subversiyalarini “VOC-LUM” toifasiga kiritib, o'z kuzatuvi ostiga oldi.