Yangi o'quv yilidan o'quvchilar uchun maktab formasi majburiy bo'ladi

0

Hukumat qaroriga (271-son, 19.05.2022 y.) ko'ra, 2022/2023 o'quv yilidan davlat maktablarida o'quvchilar uchun maktab formasi to'liq joriy etiladi (ilgari 2024/2025 o'quv yilidan boshlab joriy etilishi kerak edi). Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2022 yil 1 iyungacha hududlar kesimida 2022/2023 o'quv yilida maktab formalariga ehtiyoj aniqlanadi.

Kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi mahalliy byudjet hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg'armalari mablag'lari hisobidan sotib olinishida ko'maklashiladi.

Shuningdek, 2022 yil 10 avgustdan har bir tuman (shahar)da maktab formasi ishlab chiquvchilarning  savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

Eslatib o'tamiz, davlat maktablari o'quvchilari uchun yagona maktab formasi shakllari Hukumatning 15.08.2015 yildagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan edi.