Ommaviy qabulda mingdan ziyod insonnnig muammosiga yechim topildi (foto)

0

Uychilik Matluba Rahmonberdiyeva bir umr jigarlari dardi bilan yashadi. Sababi 4 nafar singlisining ko'rish qobiliyati juda past. Tug'ma nogironlik bor. Ikki singlisi esa o'zgalar ko'magisiz yurolmaydi. Matluba opa davlatimiz rahbari topshirig'i asosida Respublika ishchi guruhi tuzilgani va ular Namanganda ommaviy qabullar o'tkazayotganini eshitib, muloqot maydoniga shoshdi. Sog'liqni saqlash vazirligi mas'ullariga dardu tashvishlarini aytdi. Natijada, qisqa vaqtda singillariga aniq tashxis qo'yilib, ikki singlisida katarakta tozalash, yana ikki singlisida esa gavhar qo'yish amaliyoti o'tkazildi.

Davlatimiz rahbari topshirig'i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatidagi ommaviy qabullari bu kabi yuzlab insonlarning dardiga davo, ko'ziga nur, qalbiga malham bag'ishladi. Murojaatlar tahlili esa yechimsiz muammolar uncha ko'p emasligini ko'rsatdi. Gap masalaning mohiyati, o'z vaqtida tegishli idoralar oldiga qo'ya bilishda ekan.

Shu bois ham o'ttizga yaqin vazirliklar, qo'mitalar va boshqa respublika tashkilot-idoralari rahbarlari har bir masalani murojaatchilar va hududiy mas'ullar bilan birga ochiq muhokama qilib, qonuniy-adolatli hal qilish uchun bor kuch-imkoniyatni safarbar qildi. Ayniqsa, bu jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj ko'plab insonlarning davolanish, salomatligini tiklash, bandlik bilan bog'liq muammolari hal bo'ldi.

Namangan tumanida yashovchi Mastura Muminovaning qizida yurak xastaligi bor. Davolatishga esa qo'li kalta. Murojaatdan so'ng uning yuragida murakkab jarrohlik amaliyoti o'tkaziladigan bo'ldi.

Pop tumanining “Obod” mahallasida yashovchi 40 yoshli Iroda Rahimova bir necha yildan beri jigar sirrozi xastaligi bilan kurashib keladi. Keyingi paytlarda ayol o'zini ancha og'ir his qila boshladi. Xastalik ayolni butunlay yengmasligi uchun murakkab jarrohlik amaliyotini o'tkazish kerak, ammo oilasining bunga qurbi yo'q. Ommaviy qabulga najot izlab kelgan Iroda opaning bu masalasi ham shu yerda hal qilinib, unga bepul jarrohlik amaliyoti o'tkazi uchun yo'llanma berildi.

Qabullarda tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq qator muammolarga ham yechim topildi. Aytaylik, chortoqlik tadbirkor Jahongir Abduraimovga faoliyatini kengaytirish uchun 160 mln. so'm imtiyozli kredit ajratilishi ta'minlandi.

Turli tashkilotlarga autsorsing xizmati ko'rsatib kelayotgan tadbirkor Bahodir Ahadov esa ko'rsatilgan xizmat uchun buyurtmachi tashkilot qo'shilgan qiymat solig'i to'lanmayotganidan norozi bo'ldi. Tadbirkorning shikoyatidan so'ng bu masala shu yerda hal qilib berilib, protsessual hujjatlar tayyorlandi.

Yangi Namangan tumanida yashovchi Isoqjon Yoqubjonov va mahalladoshlarini ham shu muammo qiynab kelayotgan ekan. Aytilishicha, mahallaga beton tayanchlar o'rnatilgan, lekin elektr kuchlanish berilmagan. Bu masala ham tez orada hal etiladigan bo'ldi.

Chortoq tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi Mashhura Akbarova esa mas'ullar oldiga hududdagi ko'p qavatli 9 ta uy aholisi muammosiga yechim topishda amaliy yordam so'radi. Aytilishicha, qurilganiga bir necha yillar bo'lgan bu uylar fasadi ancha eskirgani bois ta'mirlash lozim edi. Murojaatidan so'ng zarur mablag', qurilish materiallari va mutaxassislar ajratilib, shu kunning o'zida ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Chustlik Abdurazzoq Zokirovning Suv xo'jaligi vazirligi mas'ullariga arz qilishicha, o'zi yashayotgan Yangiobod mahallasi aholisi tomorqasidan foydalanishda bir necha yildan beri suv ta'minotidan qiynalishadi. Ekinlarni  sug'orish uchun yozda umuman suv bo'lmaydi. O'tgan yili qishloqdan 4 km. olisdagi ikki joydan suv chiqarildi, ammo shu suvni mahallaga olib kelish uchun quvur tortishga mablag' topilmayapti. Zo'rg'a chiqarilgan suv esa eski ariqlarda ortiqcha isrof bo'lmoqda. Murojaatdan so'ng bu masala ham o'rganilib, hal qilib beriladigan bo'ldi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi mas'ullari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish, Xalq ta'limi, Maktabgacha ta'lim vazirliklariga ajratilgan muloqot maydonlari ham anchayin gavjum bo'ldi.

Uchqo'rg'onlik Dilrabo Eshmatova ijarada yashaydi. Ikki nafar farzandning yolgiz boquvchisi. 20 yildirki o'z uyi bo'lish orzusida. Ayolning murojaatidan so'ng unga va farzandlariga Uchqo'rg'onda qurilgan ko'p qavatli uylardan xonadon sotib olishi uchun boshlang'ich badali ichki imkoniyatlar hisobilan to'lab beriladigan bo'ldi.

Uch farzandini yolg'iz o'zi tarbiyalayotgan uchqo'rg'onlik Marg'uba Nabijonova esa 6 sotix yerida uy-joyini oxirigacha qurib bitirib ko'chib chiqishga imkoni yo'qligi uchun hanuz ota uyida yashab kelayotgan ekan. Murojaatidan so'ng bu masala ham o'rganilgach, ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning uy qurilishi yakuniga yetkazib beriladigan, kadastr hujjatlari ham imtiyozli asosda rasmiylashtiriladigan bo'ldi.

Maktabgacha ta'lim vazirligiga qilingan qator murojaatlarga ham shu yerda yechim topildi. Yangi Namangan tumani “Mustaqillikning besh yilligi” va “Bunyodkor” mahallalarida maktabgacha ta'lim tashkilotlari yo'q. Shu hududda yashovchi Muharram Ahmedova esa qabulga kelib, har ikki mahallada nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotini ochish uchun imkoniyati borligini aytgach, bu boradagi hujjatlar rasmiylashtirilib, yaqin kunlarda ikkita oilaviy bog'cha ish boshlaydigan bo'ldi.

Uch kunlik muloqotlarda Bosh prokuratura mas'ullari ko'rib chiqqan 296 ta ariza-shikoyatning 130 tasi, Ichki ishlar vazirligi tizimiga oid 188 ta murojaatning 73 tasi joyida hal qilindi.

Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo'yicha 187 ta tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 63 nafar shaxs jazoni o'tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Taraflar yarashganligi munosabati bilan 8 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari tugatildi. Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan 8 nafar voyaga yetmaganga aliment undirish bo'yicha sud buyrug'i chiqarildi.55 ta ariza Oliy sudda kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.

Umumlashtirib aytganda, davlatimiz rahbarining topshirig'i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabullarida 2308 ta masala ko'rib chiqilib, ularning 1075 tasi joyida hal qilindi. 249 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo'lsa, 669 ta murojaatni hal qilish bo'yicha aniq muddat va mas'ullar belgilanib, nazoratga olindi.