Aholi orasida qanday ko'z kasalliklari ko'p uchramoqda?

0

Otabek Ikromov,
Respublika ko'z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori:

— Hozirgi vaqtda allergik va virusli kon'yunktivitlar hamda kompyuter sindromi kabi ko'z kasalliklari ko'paygan. Aksariyat hollarda ushbu kasalliklar gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda o'z vaqtida shifokorga murojaat etmaslik oqibatida kelib chiqadi.

Jumladan, dori vositalarining noto'g'ri ishlatilishi allergik asoratlarga olib kelishi va kasallikni og'irlashtirishi mumkin. Masofaviy ish ko'payishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham ko'rish o'tkirligiga zarar yetkazishi mumkin.

Bunday holatlarning oldini olish uchun ko'z mashqlarini muntazam qilib borish, kompyuterda ishlaganda har 20 daqiqada 20 soniyaga uzoqqa qarab ko'zlarga dam berish lozim bo'ladi.

Aholi orasida keng tarqalgan va og'ir asoratlarga olib keladigan ko'z kasalliklarining oldini olish uchun, albatta, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan o'tib turish kerak.

Naslida ko'z kasalliklari mavjud bo'lgan insonlar esa 35 yoshdan so'ng yiliga 2 marotaba ko'zlarini tekshirtirib turishi talab etiladi. Shundagina kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mumkin.

Misol uchun, yoshligida glaukoma kasalligi boshlanishi bilan shifoxonamizga murojaat etgan, hozir o'z farzand va nabiralarini ham tekshiruvga birga olib keladigan, ko'rish o'tkirligi yaxshi saqlangan bemorlarimiz bor. Va aksincha, ko'rish o'tkirligi ancha pasayganda murojaat etganlar ham mavjud.

Ularda ko'rish nervi qaytarib bo'lmas o'zgarishlarga uchragan. Afsuski, bunday og'ir holatlar kam emas. Shu bois ko'rish o'tkirligi pasayishini kutmasdan o'z sog'lig'ingizga yoshlikdan e'tiborli bo'lishingizni tavsiya qilamiz.

Ko'z kasalliklari ichida naslga, yoshga, jinsga bog'liq bo'lganlari ham, bog'liq bo'lmaganlari ham mavjud. Misol uchun, miopiya yoki glaukomada nasliy faktor muhim ahamiyatga ega. Infeksion ko'z kasalliklarining esa naslga bog'liqlik joyi yo'q.

Ko'z kasalliklaridan saqlanish uchun, avvalo, gigiena qoidalariga qat'iy amal qilish hamda hozirgi axborot texnologiyalari davrida urfga aylangan smartfon, planshet hamda kompyuter vositalaridan foydalanishda me'yorga rioya etish lozim.

Shuningdek, o'z vaqtida ko'zlarni tekshirtirib turish hamda dori vositalaridan faqatgina shifokor maslahati bilan foydalanish tavsiya etiladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.