«Yerusti metrosi qurish tajribamizda yo'q edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz» — Mirziyoyev O'zbekiston rahbari Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishi bilan tanishdi

0

Pandemiyadan keyingi va hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda ijtimoiy loyihalarga pul ajratadigan davlatlar juda kam. Biroq O'zbekistonda odamlarning mushkulini oson, uzog'ini yaqin qilishga qaratilgan xayrli ishlar to'xtagani yo'q.

Xususan, 2020 yilda Toshkent yerusti halqa metrosining “Do'stlik-2” bekatidan “Qo'yliq” bekatigacha bo'lgan birinchi bosqichi qurilgan edi. Bugungi kunda Qo'yliqdan Sergeli yo'nalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar o'rnatilib, estakadalar qurilmoqda.

O'zbekiston rahbari bugun bu ishlarning sifatini ko'zdan kechirdi.

«Yerusti metrosi qurish tajribamizda yo'q edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yo'lning mustahkamligini yana bir marta jiddiy ko'rib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni ko'paytirish zarur», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lum qilinishicha, yerusti metrosining qariyb 12 kilometrlik qismida 7 ta bekat bo'ladi. Ular orasidagi qatnov vaqti 13 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo'nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo'lovchiga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega bo'ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo'yliq – Sergeli yo'nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi kutilmoqda.

Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo'ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo'lovchilar soni 600 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o'rni yaratiladi.

Ta'kidlanishicha, shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish va metropolitenda yo'lovchilarni ko'paytirish loyihalari taqdimot qilindi.

Unga ko'ra, jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olinmagan mahallalarga 12 ta yangi avtobus yo'nalishi ochilib, metro bekatlari bilan bog'lanadi. Shuningdek, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib keluvchi 9 ta katta yo'lda tezkor avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Prezident bu takliflarni ma'qullab, mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini ta'kidlagan. Jamoat transporti uchun yana elektrobuslar olib kelish va ularga texnik xizmat ko'rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash, tramvay yo'li qurilishini jadallashtirish bo'yicha ko'rsatmalar bergani aytiladi.

Davlat rahbari Qipchoq ko'chasi bo'ylab yurib, yo'l infratuzilmasini ko'zdan kechirgan.