Xalqaro agentlik O'zbekiston kredit reytingini saqlab qoldi

0

“Standard & Poor’s” – xalqaro reyting agentligi O'zbekiston suveren kredit reytingini «VV-» (barqaror kutilma) darajasida qayta tasdiqladi, deb xabar qilmoqda Moliya vazirligi.

“3 iyun kuni “S&P” xalqaro reyting agentligi tomonidan e'lon qilingan hisobotga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bahosi «VV-» (barqaror kutilma) darajasida tasdiqlandi”, – deyilgan xabarda.

Hisobotga ko'ra, O'zbekiston kredit reytingi bo'yicha barqarorligini qo'yidagilar ta'minlaydi:

nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralari mavjudligi: hukumat likvid aktivlari YaIMga nisbatan 22,5 %ni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YaIMga nisbatan 38,8 %;

sof tashqi kreditor pozitsiyasi va sof davlat qarzi yukining mo''tadilligi
Kredit reytingiga (hozircha) salbiy ta'sir qilayotgan omillar:

aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi kamligi;

monetar siyosatning moslashuvchanligi sustligi;

hisobdorlik va institutlarning rivojlanish darajasi.

“S&P” hisobotida, shuningdek tashqi savdodagi uzilishlar, pul o'tkazmalari va moliyalashtirish manbalarining qisqarishi iqtisodiy o'sish va fiskal konsolidatsiyani sekinlashtirishi sababli 2022 yil uchun real yalpi ichki mahsulot o'sish sur'ati 3,5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.

Shu bilan birga, agentlik tomonidan O'zbekiston tashqi iqtisodiy shok va noaniqliklarga bardosh berishiga va kelgusi yillarda o'sish sur'atlari (2023 yilda – 5 foiz, kelgusi yillarda – o'rtacha 5,5 foiz) tiklanishiga ishonch bildirgan.
Ma'lumot uchun, “S&P” agentligi O'zbekistonning suveren kredit reytingini har yilda ikki marta qayta baholaydi. Baholash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlar batafsil muhokama qilinadi.
Qayd etish lozimki, 2022 yil yanvar-may oylarida xalqaro reyting agentliklari tomonidan 20 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan.