Jizzaxda yangi tug'ilgan chaqaloq nima sababdan vafot etdi?

0

Sog'liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, Jizzax viloyatida qarindoshlar o'rtasidagi nikohdan tug'ma nuqsonli chaqaloq dunyoga kelgani aytilgan xabar tarqaldi.

Aniqlanishicha, bu chaqaloq viloyatning Do'stlik tumanida dunyoga kelgan bo'lib, 4 iyun kuni soat 04:00 larda 1994 yilda tug'ilgan fuqaro X. T. tuman markaziy shifoxonasining tug'uruq bo'limiga murojaat qilgan.  Unga “Homiladorlik 2. Tug'uruq 2. 35 hafta 4 kun. Homilaning chanog'i bilan kelishi” tashxisi qo'yilgan.

Shu kuni soat 06:10 da “Ko'p nuqsonli chaqaloq. Tug'ma ixtioz og'ir darajasi” tashxisi bilan og'irligi 2800 gramm, bo'yi 47 santimetr bo'lgan, muddatiga yetgan o'g'il jinsli nogiron chaqaloq dunyoga kelgan. Ko'rsatilgan reanimatsion tibbiy muolajalarga qaramasdan hayotga zid qo'shma asoratlar bilan tug'ilgan go'dak shu kuni 08:20 da vafot etgan.

Ma'lum bo'lishicha, mazkur tug'ilgan ko'p nuqsonli chaqaloqning ota-onasi aka-singilning farzandlari bo'lgan va ushbu oila ikkala tomonning ham ikkinchi turmushi hisoblanadi. Ularning avvalgi turmushlaridan bir nafardan sog'lom farzandlari borligi aytiladi. Ayolning mazkur  homiladorlik davri normal kechgan.

SSV tibbiyotda aksariyat hollarda yaqin qarindoshlar nikohi tufayli bolalar turli irsiy nuqsonlar bilan dunyoga kelishi isbotlanganini qayd etmoqda.

 «Shu bois, oila qurishga shaylanayotgan yoshlarga, eng avvalo, tibbiy ko'rikdan o'tib, so'ngra yangi hayotga qadam qo'yishlarini, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohdan saqlanishlarini so'raymiz»,-deyiladi xabarda.