O'zbekistonda ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tab chiqqan fuqarolarga 9,2 mln so'm yordam puli beriladi

0

Prezident qarori (PQ-299-son, 29.06.2022 y.) bilan Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tab bo'lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashish bo'yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Nizom ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tab bo'lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashish bo'yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tartibini belgilaydi.

Yordam puli har bir ko'mak oluvchiga uning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashish uchun tadbirkorlik, me'morchilik, hunarmandchilik kabi yo'nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish uchun bir marta beriladi (mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida – 9 mln 200 ming so'm).

Yordam pullari ushbu masalasini ko'rib chiquvchi idoralararo doimiy komissiyalarning qarorlari asosida beriladi.

Ko'mak oluvchilar jazoni o'tab bo'lganidan keyin 3 oy muddatda ishchi organga o'z loyihasini ilova qilgan holda ariza taqdim etadi.

Loyihani moliyalashtirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosani tayyorlash quyidagi mezonlarga asoslanadi:

▫️boshlamoqchi bo'lgan tadbirkorlik, me'morchilik yoki hunarmandchilik faoliyatining natijadorligi va daromadli ekanligi;

▫️mahalla fuqarolar yig'inining ijobiy tavsiyasi;

▫️kam ta'minlangan yoki yolg'izligi;

▫️qaramog'ida nogironligi bo'lgan yoki voyaga yetmagan farzandi borligi;

▫️ko'p (4 va undan ortiq) farzandi borligi va moddiy ko'makka muhtojligi;

▫️noturar joylarda istiqomat qilayotganligi.