11 yoshli qizga gap otgan ruhiy xasta yigit qizning otasi tomonidan kaltaklandi. Ammo yigit…

0

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda erkak qiziga gap otgan nogiron yigitni urgani to'g'risidagi videolar tarqaldi. Videoda ojiz qolgan yigitni tepkilayotgan erkak tasviri va ayollarning unga qarshi baqirayotgani aks etgan. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Daryo»ga ma'lum qilishicha, qizga gap otgan yigit aqlan zaif bo'lgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan kechiktirib bo'lmas tezkor-surishtiruv ishlari olib borilgan.

Tezkor-surishtiruv ishlari natijasida fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ma'lum bo'lishicha, Buxoro shahrida yashovchi 11 yoshli K.N. ismli qiz o'zi har kun qatnaydigan shahar markazidagi tayyorlov kurslaridan biriga 15 daqiqa kechikib kelgan. U yig'lagan va qattiq qo'rqqan holatda bo'lgan. Repetitorlar so'rab-surishtirishganda, qiz unga bir yigitning gap otgani, beo'xshov qiliqlar qilgani va undan qo'rqib qochib kelayotganini bildirgan. Zudlik bilan tayyorlov kursiga qizning ota-onasi chaqirilgan. 11 yoshli qizga shilqimlik qilmoqchi bo'lgan yigit ham o'sha atrofda yurgan bo'lgan.

«Qizning otasi farzandini qo'rqitgan yigitning aqli zaifligiga ham e'tibor qilmagan va jahl ustida uni tepkilagan. Ayollarning baqir-chaqirlari va nogiron bolani tepkilash va kaltaklashdan to'xtashi haqidagi gaplari ham qizning otasini jahldan tushirmagan», – deydi Shuhrat Jalolov.

Shuhrat Jalolovning so'ziga ko'ra, kaltaklangan va tepkilangan yigit ruhiy xasta bo'lgan.

«Yigitning G'ijduvon tumanidan ekani aniqlandi. Ota-onasining aytishicha, ruhiy xastaligi uchun ro'yxatda turib kelayotgan yigit bir necha kun ilgari uydan qochib ketgan. Ota-onasi uni izlash uchun endi ichki ishlar organlariga xabar berishmoqchi bo'lishganini bildirishdi», – deydi Shuhrat Jalolov.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.