O'zbekistonga Volga bo'yidan salqin havo kirishi kutilmoqda

0

O'zbekiston hududi bo'yicha iyun oyi oxirida kuzatilgan anomal issiq ob-havo davrdan so'ng, kecha va bugun issiq asta-sekin pasayib bormoqda.

Bugun kunduzi respublika bo'yicha havo harorati 35-38° atrofida bo'ladi.

Dam olish kunlari issiq yana ko'tarila boshlaydi. Yakshanba kuniga kelib, harorat 38-41° gacha ko'tariladi.

Ushbu kunlarda janubiy hududlarning eng chekka qismida 43-45° gacha bo'lgan harorat bilan juda issiq ob-havo saqlanib turadi.

Biroq, bu issiq uzoq vaqt davom etmaydi. Keyingi haftaning boshidan esa respublika hududiga Volga bo'yi hududlaridan salqin havo kirib keladi. Dushanba kunidan harorat asta-sekin pasayishni boshlaydi va haftaning aksariyat qismida 30-35° atrofida, ba'zi joylarda 37-38° gacha bo'ladi.

Respublika hududining katta qismida bugun va dam olish kunlari asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, faqat Qoraqalpog'istonda 3 iyulda qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi, momaqaldiroq bo'lishi mumkin.

Respublika bo'yicha ba'zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ba'zi joylarda chang-to'zonlari kuzatilishi mumkin. 3 iyulda shimolda va cho'l hududlarda shamol 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

1-3 iyulda Farg'ona viloyatining tog' oldi va tog'li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.